Sifatsiz kosmetologik xizmat oqibatida yetkazilgan zarar qoplatildi

Sifatsiz kosmetologik xizmat oqibatida yetkazilgan zarar qoplatildi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaro M.M. tomonidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda qayd etilishicha, u Marg‘ilon shahrida joylashgan kosmetologiya xizmatlari ko‘rsatuvchi muassasaga murojaat qilib, qovoq qismiga plastik amaliy ishlov berish hamda sochni keratin qilish xizmatiga buyurtma bergan.

Arizaga ko‘ra, mazkur xizmatlar uchun jami 1 714 000 so‘m mablag‘ to‘langan bo‘lib, shundan 1 214 000 so‘m — qovoq qismiga amaliy ishlov, 500 000 so‘m esa sochni keratin qilish xizmati uchun sarflangan. Biroq, ko‘rsatilgan xizmatlar sifat talablariga javob bermagan. Xususan, qovoq qismiga amaliy ishlovdan so‘ng iste’molchining sog‘ligida asoratlar kuzatilgan, shish va noqulayliklar saqlanib qolgani sababli u tibbiy muassasaga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, soch parvarishi bilan bog‘liq keratin xizmati ham kutilgan natijani bermagan.

Mazkur holat yuzasidan shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaat belgilangan tartibda o‘rganildi. O‘rganish jarayonida xizmat ko‘rsatuvchiga amaldagi qonunchilik, xususan, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari tushuntirildi.
Olib borilgan tushuntirish va huquqiy ta’sir choralari natijasida, sifatsiz xizmat uchun to‘langan jami 1 714 000 so‘m mablag‘ iste’molchiga to‘liq qaytarib berildi.

Shu bilan birga, iste’molchiga o‘z huquqlarini himoya qilish, kelgusida bunday holatlarga duch kelmaslik uchun shartnoma va xizmat sifatini diqqat bilan baholash zarurligi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi. Murojaat muallifi o‘z muammosi ijobiy hal etilganidan mamnunligini bildirib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Ushbu holat yana bir bor iste’molchilarga xizmatlardan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lish, xizmat ko‘rsatuvchi haqida yetarli ma’lumot to‘plash hamda huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirish muhimligini ko‘rsatadi.

Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий