Sifatsiz xizmat ko‘rsatilgani sabab ishlar qaytadan bajariladigan bo‘ldi

Sifatsiz xizmat ko‘rsatilgani sabab ishlar qaytadan bajariladigan bo‘ldi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish amaliyotida fuqarolarning har bir murojaati atroflicha o‘rganilib, adolatli yechim topilishi ta’minlanmoqda. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sohasida sifat masalasi doimo e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida yashovchi fuqaro Q.M. tomonidan tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat yo‘llangan. Unda usta tomonidan maishiy texnika — changyutgichni ta’mirlash xizmati sifatsiz bajarilgani hamda to‘langan mablag‘ o‘zini oqlamagani yuzasidan noroziligini bildirgan.

O‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, 2026 yil 13 aprel kuni iste’molchining changyutgichi usta X. R. tomonidan ta’mirlangan bo‘lib, mazkur xizmat uchun 115 000 so‘m haq to‘langan. Biroq, qisqa vaqt ichida texnika yana nosoz holga kelib qolgani aniqlangan. Iste’molchi tomonidan muammoni bartaraf etish yoki to‘langan mablag‘ni qaytarish bo‘yicha murojaat qilinganiga qaramasdan, xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan masala o‘z vaqtida hal etilmagan.

Masala Federatsiyaning Yozyovon tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan qonunchilik asosida o‘rganilib, xizmat ko‘rsatuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarga huquqiy baho berildi. O‘rganishlar davomida ko‘rsatilgan xizmat haqiqatdan ham sifat talablariga javob bermagani o‘z tasdig‘ini topdi.

Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida usta o‘z majburiyatlarini anglab yetib, iste’molchining changyutgichini qaytadan bepul ta’mirlab berishni o‘z zimmasiga oldi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatishda sifat talablariga rioya etish lozimligi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий