Noto‘g‘ri tibbiy xizmat oqibatida kelib chiqqan muammo iste’molchi murojaati asosida bartaraf etildi
Sog‘liq insonning eng katta boyligidir. Shuning uchun har bir fuqaro tibbiy xizmatlardan foydalanganda sifatli, xavfsiz va professional yordam olish huquqiga ega. Afsuski, ba’zan xususiy tibbiyot muassasalarida ham xatolar uchrab, bemorlar qo‘shimcha muammolarga duch kelishi mumkin. Bunday holatlarda iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va himoya qilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaro M.U. qizi M.R.ga xususiy stomatologiya klinikasida ko‘rsatilgan xizmat sifati yuzasidan murojaat qildi. Murojaatda qayd etilishicha, qizining tishi og‘rigani sababli xususiy stomatologiya klinikasiga murojaat qilingan va shifokor tomonidan ildiz kanallarini tozalash hamda plomba qo‘yish amaliyoti o‘tkazilgan. Biroq oradan ma’lum vaqt o‘tgach, og‘riqlar to‘xtamagan va bemorning ahvoli yaxshilanmagan.
Muammo sabablarini aniqlash maqsadida boshqa mutaxassislarga murojaat qilinganda, tish kanalida yallig‘lanish saqlanib qolgani, shuningdek, kanal ichida yot jism qolib ketgani ma’lum bo‘lgan. Bu holat bemor salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, qo‘shimcha davolanish zaruratini keltirib chiqargan.
Fuqaroning murojaati Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida stomatologiya klinikasi tomonidan haqiqatdan ham noto‘g‘ri amaliy harakatlar oqibatida muammo yuzaga kelgani aniqlandi. Natijada klinika ma’muriyati mas’uliyatni zimmasiga olib, malakali mutaxassis jalb qildi hamda bemorni qayta davolash bilan bog‘liq barcha xarajatlarni o‘z hisobidan qopladi.
Xususan, bemor tishining ildiz kanalida qolib ketgan yot jism olib tashlandi, qo‘shimcha muolajalar amalga oshirildi va davolash ishlari to‘liq yakunlandi. Klinika tomonidan 1 million 900 ming so‘m miqdoridagi xarajatlar qoplangani ham ma’lum qilindi. Murojaatchi o‘rganish yakunlari bo‘yicha e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qilib, ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirgan.
Ushbu holat iste’molchilarning nafaqat savdo va kommunal xizmatlar sohasida, balki tibbiy xizmatlar sohasida ham qonun bilan himoya qilinishini ko‘rsatadi. Agar fuqaro tibbiy xizmat sifati past deb hisoblasa, u xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga, tegishli nazorat organlariga yoki Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilish huquqiga ega.
Iste’molchilar uchun muhim tavsiyalar
— tibbiy xizmat olganda to‘lov hujjatlarini saqlab qo‘ying.
— davolash jarayoniga oid tibbiy xulosalar va tavsiyalarni yig‘ib boring.
— noto‘g‘ri tashxis yoki sifatsiz xizmatdan shubhalansangiz, boshqa mutaxassis xulosasini oling.
— huquqlaringiz buzilgan taqdirda tegishli tashkilotlarga yozma murojaat qiling.
— moddiy zarar yoki salomatlikka yetkazilgan ziyon qoplanishini talab qilish huquqingiz borligini unutmang.
Bu voqea iste’molchining huquqiy savodxonligi va murojaat qilish faolligi adolat qaror topishiga xizmat qilishining yana bir amaliy namunasidir. Sifatli tibbiy xizmat har bir fuqaroning qonuniy huquqi bo‘lib, mazkur huquq buzilgan taqdirda uni tiklash mumkin va zarurdir.



Отправить комментарий