Dorixonalarda “sirli mijoz”: xizmat sifati va qonunchilik talablari o‘rganildi
Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi hamkorligida Qo‘qon shahridagi dorixonalarda “sirli mijoz” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizasiya qilish tartibiga rioya etilishi, dori vositalarining belgilangan tartibda berilishi hamda xaridorlarga ulardan foydalanish bo‘yicha zarur ma’lumotlar taqdim etilishini o‘rganish maqsadida tashkil etildi.
2026 yil 13 avgust kuni Qo‘qon shahridagi 11 ta dorixona qamrab olindi.
Tadbir doirasida bir nechta dorixonalarda xaridorga dori vositasini qo‘llash davriyligi, bir martalik va sutkalik dozasi hamda qo‘llash usuli haqida ma’lumot berilgan bo‘lsada, saqlash tartibi va yaroqlilik muddati haqida to‘liq ma’lumot berilmagani qayd etildi. Yana bir qator holatlarda esa dori vositasini saqlash tartibi va yaroqlilik muddati, ayrim holatlarda esa uni qo‘llash bilan bog‘liq zarur ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmagan.
Tadbir natijalari dorixonada dori vositasini sotishning o‘zi yetarli emasligini yana bir bor ko‘rsatdi. Iste’molchi dori vositasini qanday qabul qilishi, qanday tartibda qo‘llashi, qanday saqlashi va uning yaroqlilik muddati haqida zarur ma’lumotga ega bo‘lishi muhim.
“Sirli mijoz” tadbirining asosiy maqsadi — jazolash emas, balki kamchiliklarning oldini olish, xizmat sifatini yaxshilash va iste’molchilar huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlashga ko‘maklashishdir. Shu sababdan, tadbir yakunlariga ko‘ra aniqlangan holatlar yuzasidan dorixonalar rahbar va mas’ul xodimlariga javobgarlik choralarini qo‘llamasdan, tushuntirish ishlari olib borildi hamda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Sifatli xizmat — mas’uliyatli yondashuv va iste’molchiga to‘liq ma’lumot berishdan boshlanadi!



Отправить комментарий