«Oqbilol» mahallasida iste’molchilar huquqlari va onlayn savdo masalalari muhokama qilindi

«Oqbilol» mahallasida iste’molchilar huquqlari va onlayn savdo masalalari muhokama qilindi

Farg‘ona tumanidagi «Oqbilol» mahalla fuqarolar yig‘inida aholining iste’molchilar huquqlari borasidagi huquqiy bilimi va moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalla faollari va aholi vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuvda iste’molchilarning kundalik hayotida uchrayotgan muammolar, tovar va xizmatlarni tanlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, shartnoma shartlarini o‘rganish, to‘lov hujjatlarini saqlash va huquq buzilgan hollarda qonuniy himoya mexanizmlaridan foydalanish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Ayniqsa, onlayn savdoda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar, turli internet-do‘konlar va messenjerlar orqali tovar xarid qilish kengayib borayotgani, biroq bunday xaridlarda tovarning sifati, sotuvchining ishonchliligi, yetkazib berish shartlari va to‘lov tartibiga e’tiborsizlik turli muammolarga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.

Ishtirokchilarga internet orqali xarid qilishda noma’lum shaxslarga shoshilib oldindan pul o‘tkazmaslik, sotuvchi haqidagi ma’lumotlarni tekshirish, tovar va uning narxi haqidagi ma’lumotlarni saqlab qo‘yish, to‘lovni tasdiqlovchi hujjat va yozishmalarni o‘chirib yubormaslik bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, soxta internet-do‘konlar, ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali e’lonlar va tovar pulini olganidan keyin xaridor bilan aloqani uzish kabi firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo‘lish zarurligi tushuntirildi.

Tadbir davomida aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, iste’molchilik madaniyatini yuksaltirish hamda huquq buzilgan taqdirda qaerga va qanday tartibda murojaat qilish mumkinligi haqida ham ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, onlayn va an’anaviy savdo jarayonlarida o‘z huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldilar.

Bugun iste’molchi do‘konda ham, internetda ham iste’molchidir. Shu bois har qanday xaridda hushyorlik, huquqiy bilim va moliyaviy savodxonlik muhim ahamiyat kasb etadi.

Отправить комментарий