Faoliyat sarhisob qilindi
Hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlari matbuot va axborot mutaxassislari ishtirokida o`tkazilgan tadbirda matbuot, axborot, jamoatchilik bilan ishlash sektorining o`tgan 2019 yil davomidagi faoliyati tahlil qilib chiqildi. Ta`kidlandiki, hisobot davrida viloyat hududidagi 1000 dan ortiq korxona, tashkilot, idora va muassasalarda isteʼmolchilarning huquq va manfaatlariga daxldor masalalarda, shuningdek ularning huquqiy bilimi va isteʼmol madaniyatini oshirish yo`nalishida turli formatdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar o`tkazildi. O`tkazilgan tadbirlar doirasida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi amaldagi qonunlar va qonunosti hujjatlari mazmun-mohiyati yuzasidan keng tushuntirishlar berish, isteʼmolchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarish bilan bir qatorda, ularning o`rganib chiqishni talab etadigan murojaatlari ham qayd qilib olinib, tuman va shahar jamiyatlarining tegishli mutaxassislari tomonidan hal etib borildi. Shuning bilan birgalikda, amaldagi tartib-qoidalar asosida isteʼmolchilardan yozma, og`zaki va elektron shaklda kelib tushgan 800 ga yaqin murojaatlarni o`rganib chiqilishi natijasida isteʼmolchilarga 674 million so`mga yaqin mablag`larni qayta hisob-kitob qilib berilishiga erishildi. Murojaatlarda ko`tarilgan masalalar va ularni hal etilishi natijalari yuzasidan aholining xabardorligini oshirish maqsadida bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida yoritib borildi. Hududiy birlashmaning istemolchi-info.uz saytining muntazam faoliyat olib borishi taʼminlanmoqda. Shuningdek, facebook, telegram, twitter, Instagram va youtube ijtimoiy tarmoqlarida alohida sahifalar va kanallar faoliyati yo`lga qo`yildi. Joriy yilda ham yuqoridagi yo`nalishdagi ishlarni tizimli asosda davom ettirib borish barobarida, yangi loyihalarni joriy qilish borasida ham izlanishlar olib borilmoqda.
Tadbir davomida ishlarni tizimli asosda davom ettirish, o`tgan hisobot yilida yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklardan to`g`ri xulosalarni chiqargan holda, joriy yilda mazkur kamchiliklarga yo`l qo`ymaslik choralarini ko`rish, har bir xodimning o`z ustida muntazam ishlashi ortidan jamoaviy yutuqlarga erishish yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berildi hamda joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar borasida o`zaro fikr va mulohazalar almashildi.
Hududiy birlashma Matbuot xizmati
Отправить комментарий