Hududiy birlashma raisi o`tgan yil yakunlari va joriy yildagi rejalar bilan o`rtoqlashdi
Suhbatdoshimiz O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg`ona viloyat hududiy birlashmasi raisi Raxmonaliev Аxrorjon Аsqaralievich.
— Аhrorjon Аsqaralievich, dastlab Farg`ona viloyat hududiy birlashmasi va uning tarkibidagi tuman va shahar jamiyatlari to`g`risida qisqacha maʼlumotlarni keltirib o`tsangiz.
— O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg`ona viloyat hududiy birlashmasiga 2003 yilning 8 yanvar kunida Taʼsischilar konferentsiyasida asos solingan. Bugungi kunda hududiy birlashma tizimida 4 ta shahar va 15 ta tuman jamiyatlari faoliyat olib bormoqda. Tizimda yuz nafarga yaqin xodimlar mehnat qilmoqda. Federatsiyaning Farg`ona viloyatidagi aʼzolari soni 100 ming nafardan ortiqroqdir. Ular 400 ga yaqin korxona, tashkilot, idora va muassasalarda tashkillangan tayanch guruhlariga biriktirilgan.
Hududiy birlashma o`z balansidagi maʼmuriy binosiga ega. Xodimlar uchun zaruriy mehnat sharoitlari yaratib berilgan. Eʼtiborlisi, bugungi kunga kelib, Marg`ilon shahri, Farg`ona, Rishton va Bag`dod tuman jamiyatlari ham o`z mulklaridagi maʼmuriy binolarga ega bo`ldilar. Viloyatdagi 19 ta jamiyatning 13 tasi o`z xizmat avtomobillariga ega.
— O`tgan yilda qanday yangi loyihalarga qo`l urildi?
— Аlbatta, biz asosiy eʼtiborni viloyatimiz aholisining isteʼmolchilik huquqiy bilim saviyasi va isteʼmol madaniyatini yanada oshirishga qaratayapmiz. Bu borada esa o`tgan yil boshida Federatsiya markaziy apparati tomonidan bir qator vazirlik, idora va muassasalar bilan hamkorlikda imzolangan chora-tadbirlar rejalari qo`l keldi. Аna shu chora-tadbirlar rejalari asosida yuqoridagi vazirlik va idoralarning viloyatimizdagi 1000 dan ortiq hududiy tashkilotlariga, quyi tuzilmalariga kirib, ulardagi ishchi xodimlar o`rtasida turli formatdagi tadbirlarni tashkilladik. Аna shu tadbirlar doirasida aholi (isteʼmolchilar)dan kelib tushgan takliflar asosida esa joriy yilda yangi-yangi loyihalarni rejalashtirib turibmiz.
Shu o`rinda, yoshlar bilan bog`liq loyihalarga to`xtalib o`tsam, sababi mamlakatimiz aholisining salmoqli qismini yoshlar tashkil qiladi. O`tgan yilda hududiy birlashma raisining viloyat yoshlari bilan “Rahbar va yoshlar” loyihasi asosidagi uchrashuvi o`zgarcharoq shaklda o`tkazildi. Har bir tuman va shahardan Federatsiya faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan bir nafardan yoshlarni taqdirladik. Shuningdek, viloyat yoshlari o`rtasida birinchi marotaba isteʼmolchilik huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonunchilik asoslari yuzasidan “Breyn-ring” intellektual oёyini tashkillandi. Viloyatimizdagi yosh tadbirkorlar oёrtasida “Isteʼmolchilar eʼtirofiga sazovor yosh tadbirkor” nominatsiyasi g`oliblari aniqlanib, ularning ichidan 3 nafari munosib taqdirlandi. Bu kabi tadbirlarni viloyat yoshlari o`rtasida joriy yilda ham davom ettirmoqchimiz.
— Bilishimizcha, o`tgan yilda Federatsiya tashabbusi bilan respublikada 6 ta “Isteʼmolchi kutubxonasi” bunyod etilib, shularning 4 tasi Farg`ona viloyatida qurib bitkazilib, ishga tushirildi.
— To`g`ri. Federatsiya markaziy apparati tomonidan “Isteʼmolchi kutubxonasi” loyihasi eʼlon qilingach, loyiha va uni amalga oshirishdan ko`zda tutilgan maqsad va vazifalar tuman va shahar jamiyatlari rahbar va masʼul xodimlari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Ulardan loyihani viloyatimizda amalga oshirish bo`yicha takliflar oldik. Shundan so`ng, yeng shimarib ishga kirishildi. Аlbatta, loyihani viloyatimizda muvoffaqiyatli amalga oshirilishida Federatsiya raisi Jahongir Toshpulatovichning alohida munosib hissasi bor. U kishi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan tumanlar hokimlariga bir necha bor shaxsan uchrashib, ushbu xayrli ishlarning boshida turganligi bizga katta dalda bo`ldi. Natijada Oltiariq, Rishton, Bag`dod va Farg`ona tumanlarida mazkur loyihalar o`z muddatlarida nihoyasiga yetkazildi, Farg`ona shahri, Dang`ara va Qo`shtepa tumanlarida esa “Isteʼmolchilar uyi” loyihalari jadal suratlar bilan davom ettirilmoqda. Eʼtiborlisi, shu kunga qadar amalga oshirilgan va tarix zarvaraqlariga yozilishga ulgurgan loyihalarning har biri nimasi bilandir o`ziga xosdir. Oltiariqda qurib ishga tushirilgan “Isteʼmolchi kutubxonasi” respublikamizda birinchi shu nomda bunyod etilgan kutubxona bo`lganligi bilan tarixda qolgan bo`lsa, Rishtonda bunyod etilgan bino “Isteʼmolchilar uyi” sifatida respublikada birinchi bo`ldi. Vodilda foydalanishga topshirilgan hamda tuman jamiyati, “Isteʼmolchi kutubxonasi” va ikkinchi qavati tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun moslashtirilgan “Isteʼmolchilar uyi” kompleksi ham amalga oshirilgan loyihalar ichida birinchi ikki qavatli bino sifatida tarixda qoladigan bo`ldi.
— Federatsiyaning asosiy faoliyat yo`nalishlaridan biri bo`lgan isteʼmolchilar murojaatlari bilan ishlash borasida 2019 yilda qanday ishlar amalga oshirildi? Shu to`g`risida ham qisqacha to`xtalib o`tsangiz.
— 2019 yil mobaynida tizimimizdagi tashkilotlarga isteʼmolchilardan 762 ta murojaatlar qabul qilib olinib, shularning 485 tasi yozma, 208 tasi og`zaki va 10 tasi elektron shaklda kelib tushdi. Yuqoridagilardan 98 ta murojaat Federatsiyaning 1091 yagona qisqa raqamli ishonch telefoni, 7 tasi Bosh prokuratura, 6 tasi Xalq qabulxonasi, 43 tasi Prezident ishonch telefoni, 9 tasi Prezident veb-sayti, 1 tasi Prezident pochtasi orqali qabul qilib olingan murojaatlardir.
Murojaatlarning 182 tasida savdo sohasi, 138 tasida gaz taʼminoti, 153 tasida elektr energiyasi taʼminoti, 88 tasida suv taʼminoti, 61 tasida kommunal soha bo`yicha, 3 tasida sog`liqni saqlash bo`yicha, 50 tasida xizmat ko`rsatish (servis) sohasi, 29 tasida transport bo`yicha, 15 tasida aloqa (va internet) sohasi, 44 tasida esa boshqa sohalardagi shikoyat va arizalarni o`zida mujassam etgan. Shundan 752 tasini to`liq o`rganib hal qilib berilishiga erishildi, ularning 10 tasi esa muddatlari doirasida jamiyatlar tomonidan o`rganilmoqda. Natijada isteʼmolchilar foydasiga 673 mln 580 ming 474 so`m mablag` hal etib berildi. 21 ta murojaatni hal qilinishida nazorat qiluvchi organlar yordamiga suyangan bo`lsak, 15 ta murojaat sudga murojaat qilish orqali hal etildi. Natijada 39 mln 176 ming 620 so`m nazorat qiluvchi idoralar, 15 mln 452 ming 563 so`m mablag` sud idoralari yordami bilan isteʼmolchilar foydasiga hal etib berildi.
O`tgan yilda jami 824 nafar isteʼmolchilar “Isteʼmolchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalaridan bepul huquqiy maslahatlar oldilar. 1127 nafar fuqarolarning muammolari va ularni qiziqtirgan masalalar tizim rahbarlarining aholi (isteʼmolchilar) bilan muloqotlari doirasida hal qilindi.
— Joriy yil rejalari xususida ham gapirib o`tsangiz.
— Biz O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi eʼlon qilinib, 2020 yilni “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilingach joriy yil rejalarimizni yana bir bor qayta tahlil qilib chiqdik. Bu boradagi rejalarimiz hududiy birlashma Kengashining joriy yildagi birinchi yig`ilishida ham muhokamadan o`tkazildi.
Kun tartibimizdagi asosiy masalalardan biri, albatta, bilimli, malakali kadrlarni yetishtirish, ularni o`rni-o`rniga qo`yish, o`z ishiga bo`lgan munosabatini yanada yaxshilash uchun ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`lib qolaveradi. Illo rejalashtirilgan ishlarni shular amalga oshiradi. Rejadagi ishlarning ko`zda tutilgan darajada va saviyada amalga oshirilishi ham ularga bog`liqdir. Ikkinchi asosiy masalalardan biri bu faol jamoatchilar yoki volontyorlar bilan ishlash masalasidir. Mamlakatimizda bu borada yetarli darajada tajriba mavjud bo`lsada, bugungi kun talablari, bu borada ilg`or davlatlar erishgan yutuqlarni o`rganib chiqib, amaliyotga joriy qilishimiz kerak bo`ladi. Olib borayotgan ishlarimiz yo`nalishida jamoatchilikning faol bo`lishi esa bizga juda katta suyanchiq bo`ladi. Demak yoshlar bilan ishlash, ularni isteʼmolchilik ijtimoiy harakatiga faol jalb qilish masalasi kun tartibimizning eng dolzarb masalalaridan biri bo`lib qolaveradi. Shuning bilan birgalikda keksa avlod vakillari bilan ishlash, ularni isteʼmolchilik ijtimoiy harakatida faol ishtirok etishlari masalasiga ham yangicha yondashuvlar ustida bosh qotirishimiz kerak. Zero ular jamoatchilik nazoratining eng kuchli subʼektlaridandirlar.
Bugungi kunda internet texnologiyalari shu qadar ilgarilab, jamiyat hayotining barcha sohalariga shu qadar singib ketdiki, ularsiz kundalik hayotimizni tasavvur ham qila olmayapmiz. Shundan kelib chiqqan holda, targ`ibot-tashviqot ishlarimizda ana shu texnologiyalardan keng foydalanishimiz kerak. Joriy yilda hududiy birlashmaning istemolchi-info.uz sayti hamda facebook, telegram, twitter, instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarini va youtube kanali faoliyatini yanada jonlantirishni rejalashtirib turibmiz.
Hududiy birlashma Аxborot xizmati
Отправить комментарий