Buvaydada isteʼmolchilik ijtimoiy harakati masalalarida ochiq muloqotlar o`tkazildi
Maʼlumki, hududiy birlashma tomonidan 2020 yilning birinchi choragida amalga oshiriladigan ishlar bo`yicha yo`l xaritasi asosida viloyatimizdagi taʼlim muassasalarida “Men – yosh isteʼmolchiman” mavzusida o`qituvchi va o`quvchilar ishtirokida turli maʼanviy-maʼrifiy tadbirlar o`tkazib borilmoqda. Ushbu reja asosidagi tadbirlar Buvayda tumanida ham davom ettirildi.
Dastlab tumandagi 12-umumtaʼlim maktabi o`qituvchilari ishtirokida o`tkazilgan ochiq muloqot doirasida ustozlarga isteʼmolchilik ijtimoiy harakati, uning vujudga kelishi, rivojlanishi va bugungi ahvoli, shuningdek mamlakatimizda mazkur harakatni aholi qatlamlari o`rtasida keng yoyish borasida olib borilayotgan ishlar xususida maʼlumotlar berib o`tildi. Muloqot davomida o`qituvchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarilib, ularni qiynab turgan ayrim muammolarni o`rganib chiqish uchun qayd qilib olindi. Shuningdek, mazkur taʼlim muassasasida tashkil qilingan tayanch guruhi faoliyatini yanada jonlantirish, maktab jamoasining isteʼmolchilik huquqlariga oid masalalardagi murojaatlarini tezkorlik bilan o`rganib chiqish va ularning huquqiy bilimlarini yanada oshirib borish yo`nalishida yaqindan hamkorlik qilish masalalari yuzasidan ham fikr va mulohazalar o`rtoqlashildi.
Tumandagi 42-umumtaʼlim maktabi o`qituvchi va o`quvchilari bilan o`tkazilgan muloqotda ham maktab jamoasini isteʼmolchilik ijtimoiy harakatida faol ishtirok etishga chaqirish barobarida, o`quvchi yoshlarga isteʼmolchilik huquqi asoslari yuzasidan tushuntirishlar berib o`tilib, ularni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.
Mirzoxid Nuraliev
Buvayda tuman IHHQ ajmiyati mutaxassisi
Отправить комментарий