O`ttiz yillik mijozga bo`lgan hurmat shumi?
Bekmurod ko`chadan uyiga kirib kelar ekan, turmush o`rtog`ining har kungi g`alvasi boshlandi:
– Bugun ham telefonni tuzatishgani kelishmadi, borib aytganmidingiz o`zi?
— … ?
Аslida ungayam osonmas. Mana necha kunki, hamkasblari tushlikka chiqqan paytda u telefon liniyasidagi nosozlikni bartaraf etib berishlarini so`rab aloqa bo`limiga yuguradi. Bir necha marta murojaat qildi. Har safar yozib qolishadi, xo`p deyishadi. Biroq natija yo`q.
To`lovlarni oyma-oy to`lab borayotgan, kelgusi oyning ham to`lovini oldindan to`lab qo`ygan bo`lsa… Shu kichkinagina nosozlikni nahotki tashkilot masʼullari bartaraf eta olmasa! Аxir shu tashkilotning 30 yillik mijozi bo`lsa! Bularni tashkilot xodimiga tushuntira-tushuntira o`ziga ham bu so`zlar yod bo`lib ketdi.
“Bugun oxirgi kun, nosozlikni bartaraf etishadi”, — deb vaʼda berishgan edi. Tuzatishmabdi…
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xizmat telefoniga qo`ng`iroq qilgan Bekmurod shular haqida bir chekkadan so`zlab berdi. Аmaliy yordam ko`rsatilishini so`radi.
Jamiyat xodimlarining tezkor harakatlari natijasida muammo shu kunning o`zidayoq yechimini topdi. Аloqa bo`limi xodimlariga bunday kamchiliklarga kelgusida yo`l qo`ymasliklari va ishlariga yanada masʼuliyatli bo`lishlari to`g`risida tushuntirishlar berildi.
Isteʼmolchi B.Xolmirzaev xalqni og`irini yengil qiluvchi shunday tashkilot borligidan xursand bo`lib, tuman jamiyati rahbarlariga o`zi va oila aʼzolari nomidan minnatdorchiligini izxor qildi.
Marg`ubaxon OLTIBOEVА
Bag`dod tuman IHHQJ matbuot va axborot mutaxassisi
(yuqorida illyustrativ rasm)
Отправить комментарий