Uch yilga kafolat berilgan tovar besh oyda qiliq ko‘rsatdi

Uch yilga kafolat berilgan tovar besh oyda qiliq ko‘rsatdi

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Qirguli mavzesida istiqomat qiluvchi M.V.ning o‘zi tomonidan sotib olingan isitish qozonida yuzaga kelgan nuqsonlar yuzasidan qilgan og‘zaki murojaati o‘rganildi.

Shahar jamiyatiga o‘z murojaati bilan tashrif buyurgan iste’molchining bildirishicha, u 2020 yilning sentyabr’ oyida o‘zi yashab turgan hududdagi yakka tartibdagi tadbirkor X.B.ga qarashli savdo do‘konidan VESSEN rusumli isitish qozoni (kotyol)ni uch yillik kafolat muddati bilan 5500000 (besh million besh yuz ming) so‘mga sotib olib, mutaxassis yordamida xonadoniga o‘rnatgan. Lekin shu yilning fevral’ oylariga kelib, ya’ni oradan besh oy o‘tgach isitish qozonida nuqsonlar kuzatila boshlagan. U sotuvchiga bu boradagi e’tirozlarini bir necha bor bildirgan, lekin bundan natija chiqara olmagan.

Iste’molchi murojaatini o‘rganish jarayonida uning tomonidan bildirilgan e’tirozlarning o‘rinli ekanligi soha mutaxassisi tomonidan ham tasdiqlanib, isitish qozonida haqiqatan ham nuqson mavjudligi, ushbu nuqson iste’molchining aybi bilan vujudga kelmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, sotuvchi bilan uchrashilib, unga O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni talablari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Ushbu jarayonda iste’molchi sotuvchiga yuzaga kelgan nuqsonlarni bartaraf etish borasida bir necha bor murojaat qilganligi, lekin uning tomonidan yuzaga kelgan holatni bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilmaganligidan kelib chiqqan holda, Qonunning 16-moddasi talablarida, ya’ni agar sotuvchi iste’molchining tovarni almashtirib berish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmagan bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyonni qoplanishini talab qilishga haqliligiga asoslangan holda nuqsonli tovar sotuvchiga, 5500000 so‘m mablag‘ esa iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.

Baxodirxon Usmonov
Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi

Отправить комментарий