SMS xabarnomada kelgan qarzdorlik iste’molchini anchagina tashvishga qo‘ydi

SMS xabarnomada kelgan qarzdorlik iste’molchini anchagina tashvishga qo‘ydi

Qo‘qon shahar iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Zarbuloq ko‘chasida yashovchi T. Morozovaning “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filialining Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganib chiqildi.

Iste’molchi o‘z arizasida gaz ta’minoti idorasi tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligini bayon qilib, joriy yilning 3 mart kuni xonadonidagi gazni hisobga olish uskunasini almashtirish vaqtida tuzilgan dalolatnomada GHU ko‘rsatgichi 05718 m3 ligi qayd qilingani va o‘zining hisob-kitoblariga ko‘ra ushbu ko‘rsatkichga qarzdorligi bo‘lmasada, shaxsiy telefoniga tabiiy gazdan 230011 (ikki yuz o‘ttiz ming o‘n bir) so‘m miqdorida qarzdorlik mavjudligi to‘g‘risida SMS xabarnoma kelganidan shikoyatini bildiradi.

Murojaatni shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi natijalari iste’molchining vajlari o‘rinli ekanligini ko‘rsatib berdi. Gaz ta’minoti idorasida o‘tkazilgan, iste’molchi tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar va xonadonga o‘rnatilgan gaz hisoblagich uskunasi ko‘rsatgichi dastur bilan qayta solishtirish ishlari karzdorlikning asossizligini ko‘rsatib berdi. Iste’molchiga bu haqda yozma tarzda ma’lum qilindi.

Asrorjon Mamatqulov
Qo‘qon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий