Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi aholini ro‘yxatga olish ishtirokchilarini 2023-yilda asosiy aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun zarur kartografik materiallar bilan ta’minlaydi. Bunga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining, tuman va shaharlar ma’muriy-hududiy xaritalari, shaharlar, shaharchalar, qishloq aholi punktlari va mahallalarning sxematik rejalari kiritilgan. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning tashkiliy rejasi hududiy komissiyalar tomonidan tumanlar, shaharlar va viloyatlar bo‘yicha alohida tuziladi.

Ro‘yxatga olish uchastkalarining chegaralari har bir ro‘yxatga olish uchastkasiga to‘g‘ri keladigan yuklama o‘rtacha 8 750 — 11 250 kishini hisobga olgan holda ma’muriy-hududiy bo‘linish yaxlitligini saqlash sharti bilan belgilanadi. Ro‘yxatga olish uchastkalari har bir instruktorga to‘g‘ri keladigan yuklamani (qishloq joylarda o‘rtacha 1 750 kishi va shaharlarda o‘rtacha 2 250 kishi) va aholi punktidagi aholi zichligini hisobga olgan holda instruktorlik uchastkalariga bo‘linadi. Instruktorlik uchastkalari har bir ro‘yxatga oluvchiga to‘g‘ri keladigan yuklama o‘rtacha 350 — 450 kishidan kelib chiqib hisob uchastkalariga bo‘linadi. Hududiy komissiyalar va respublika komissiyasi qaroriga asosan borish qiyin bo‘lgan va olis hududlarda hisob uchastkasidagi aholining soni o‘rtacha 250 nafardan iborat bo‘lishi mezon sifatida olinadi. Ayrim hollarda uchastkalarni tuzishda ro‘yxatga oluvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yuklama belgilangan normalardan kam yoki ko‘p bo‘lishi mumkin. Hisob uchastkasi, instruktorlik va ro‘yxatga olish uchastkalari sonidan kelib chiqib ro‘yxatga olish jarayonlariga vaqtincha jalb etiladigan xodimlar soni aniqlanadi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga jalb qilingan xodimlar quyidagi toifalar bo‘yicha jalb qilinadi:

Respublika komissiyasi tarkibiga kiritilgan vazirlik va idoralar, Qo‘mita markaziy apparati hamda Qo‘mita huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti xodimlari, hududiy komissiyalar a’zolari, hududiy statistika boshqarmalari xodimlari hamda shartnoma asosida vaqtincha jalb etiladigan birlamchi ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish markazlari xodimlari, tuman va shahar statistika bo‘limlari xodimlari va shartnoma asosida vaqtincha jalb etiladigan tuman va shahar ro‘yxatga olish bo‘limlari hamda ro‘yxatga olish uchastkasi, instruktorlik va hisob uchastkalari xodimlaridan iboratdir. Bundan tashqari normativ-huquqiy hujjatlar, qo‘llanma va ma’lumotnoma hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish, aholini ro‘yxatga olishni moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlashda hisob-kitoblarni tayyorlash uchun qo‘shimcha ravishda shartnoma asosida mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar hokimliklari aholini ro‘yxatga olish uchun jalb etiladigan shaxslarni belgilangan talablar asosida tanlab oladi va ro‘yxatini shakllantiradi.

Ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Qo‘mitaning hududiy statistika organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududi shartli ravishda uy-joy ro‘yxatini tuzish uchastkalariga bo‘linadi, bunda uchastka chegaralari o‘rtacha 750 ta uy-joyni qamrab oladi. Uy-joylar ro‘yxatini tuzuvchilar sonini shakllantirishda ko‘zda tutilmagan holatlarni (betoblik, baxtsiz hodisalar, yuklatilgan vazifalarni to‘liq bajarmaslik va boshqalar) hisobga olgan holda asosiy tarkibga qo‘shimcha ravishda ish haqi to‘lanmagan holda 5 foiz miqdorida zaxira kadrlar shakllantiriladi.

Har bir uy-joy ro‘yxatini tuzish uchastkalariga uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilar biriktiriladi. Uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilar faoliyatini tuman ro‘yxatga olish bo‘limi boshlig‘i nazorat qiladi. Uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilarni statistika organlari, uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari, kadastr idoralari va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlari orasidan tanlab olish tuman va shahar hokimliklari tomonidan hududiy statistika organlari bilan birgalikda shartnoma asosida amalga oshiriladi. Uy-joylar ro‘yxatini tuzuvchilar 2022 yil 1 avgustdan 1 sentabrgacha bo‘lgan davrda maxsus o‘qitiladi hamda bino va uy-joylar ro‘yxatini tuzish uchun jalb etiladi.

Uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilar o‘z uchastkasini xatlovdan o‘tkazish davomida respondentlar yashaydigan (vaqtincha bo‘lib turgan) yoki yashashi mumkin bo‘lgan barcha binolar ro‘yxatini aniqlaydi, kartografik materiallarni tekshiradi, ularga tegishli belgi qo‘yadi va zarur hollarda o‘zgartirishlar kiritish uchun kadastr idoralariga taqdim etadi.

Alisher Abdurazzaqov
Statistika boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i

Отправить комментарий