Majburiyat vaqtida bajarilmaganligi sababli iste’molchi tomonidan oldindan to‘langan pul mablag‘i qaytarildi

Majburiyat vaqtida bajarilmaganligi sababli iste’molchi tomonidan oldindan to‘langan pul mablag‘i qaytarildi

Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari Q.Bobousmonovaning tovar puli oldindan to‘langan bo‘lsada, vaqtida yetkazib berilmayotganligi masalasidagi murojaatini o‘rganib chiqdilar.

Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi “BROUN PLYUS” MChJ mas’ul xodimi bilan tuzilgan shartnoma asosida massaj uskunasi sotib olish uchun 675000 so‘m pulni oldindan, naqd ko‘rinishda to‘lab bergan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, iste’molchi (sotib oluvchi)ga uskunani uch ish kunida yetkazib berishi lozim bo‘lgan. Lekin oradan bir haftaga yaqin muddat o‘tsada, puli oldindan to‘langan tovar iste’molchiga yetkazib berilmagan. Bundan xavotirga tushgan iste’molchi Rishton tuman iste’molchilar huquqlarni himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilgan.

Fuqarolik kodeksining 244-moddasiga asosan, agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyatni bajarishni kechiktirishga yoki uni bo‘lib-bo‘lib bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga ko‘ra esa, agar shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, tuman jamiyati mutaxassislari “BROUN PLYUS” MChJ rahbari bilan bog‘lanib, yuzaga kelgan holat hamda mazkur holatda iste’molchining huquqlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borganlaridan so‘ng, iste’molchidan oldindan to‘lov sifatida olingan 675000 so‘m pul mablag‘ini to‘lig‘icha qaytarilishiga erishildi.

Husniddin Latipov
Rishton tuman jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий