Sog‘ligi vajidan aviachiptani qaytargan yo‘lovchining puli to‘liq qaytarildi

Sog‘ligi vajidan aviachiptani qaytargan yo‘lovchining puli to‘liq qaytarildi

Iste’molchi H. ning Marg‘ilon shahar prokuraturasiga qilgan murojaati tegishliligi bo‘yicha shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganildi. Murojaat fuqaro tomonidan sotib olingan va sotuvchiga qaytarilgan aviachiptaning puli to‘liq qaytarib berilmayotganligi haqida.

Murojaatda ko‘rsatilishicha, fuqaro H. Marg‘ilon shahridagi aviakassalardan biridan iyul oyi o‘rtalarida Farg‘onadan Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga uchish uchun 4 150 000 (to‘rt million bir yuz ellik ming) so‘mga aviachipta sotib oladi. Lekin ma’lum fursat o‘tib uning sog‘ligi yomonlashganligi sababli uchib keta olmasligiga ko‘zi yetib, aviakassaga murojaat qiladi va sog‘ligida yuzaga kelgan muammoli holatni tushuntiradi. Rossiyaga ucha olmasligini aytib, aviachipta uchun to‘langan pulni qaytarib berishlarini so‘raydi. Sotuvchi esa qoidaga ko‘ra sotib olingan aviachiptadan foydalanish rad qilingan holda, aviachiptani qaytarilishida uning pulidan ushlanma ushlab qolinishini aytib, aviachipta uchun to‘langan puldan muayyan qismini olib qolib, qolgan qismini qaytarib beradi. Shu o‘rnida iste’molchiga bunday harakatlar amalga oshirilganligini tasdiqovchi to‘lov hujjati yoki ma’lumotnoma taqdim qilinmaydi.

Murojaat shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida aviakassa mas’ullariga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Iste’molchi bilan yuzaga kelgan holatda, ya’ni uning sog‘ligi yomonlashishi sababidan uchish qoldirilayotgan holatlar uzrli holat sifatida baholanishi hamda aviachipta uchun to‘langan pul to‘liq qaytarilishi kerakligi masala qo‘yildi. Shundan so‘ng aviakassa mas’ullari tomonidan iste’molchining aviachipta uchun to‘lagan pullari to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.

Biz shu o‘rinda, tashuvchilar va ularning qonuniy vakillariga iste’molchilarga chiptalar sotilishi jarayonida O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 5 va 6-moddalari talablarining to‘liq ijrosi ta’minlanishi, ya’ni iste’molchilarga tashuvchi, tashish shartlari va qoidalari, chiptalarni xarid qilish va ularni qaytarish shartlari haqida to‘laqonli ma’lumotlar berilishi lozimligi haqida eslatib o‘tmoqchimiz. Zero, iste’molchiga bunday ma’lumotlarni to‘liq berilmasligi yoki noto‘g‘ri berilishi oqibatida yuzaga keladigan nizolarda siz moddiy zarar ko‘rib qolishingiz mumkin.

Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий