Doriligi da’vo qilingan har qanday vosita shifokor maslahati bilan iste’mol qilinishi o‘rinlidir

Doriligi da’vo qilingan har qanday vosita shifokor maslahati bilan iste’mol qilinishi o‘rinlidir

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari Ohangaron ko‘chasida yashovchi Z.Nizomovaning o‘zi tomonidan xarid qilingan malhamni sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi va malham uchun to‘langan pulni qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab yozgan arizasini o‘rganib chiqdilar.

Murojaatchiga ko‘ra, u F. ismli tanishi bilan telefonda suhbat jarayonida uning «Global trend» kompaniyasi tizimida ishlayotganligini, ularga ming dardga davo «Vitality lux» va «Perfecto lux» malham (bal’zam)lari sotuvga kelganligini eshitadi. O‘z o‘rnida F. unga ham bal’zamdan sotib olib, iste’mol qilishni tavsiya qiladi. Ertasi kuni kompaniya vakillari ish olib borayotgan joyga borib, 700 ming so‘mga ikki xil nomdagi sirop ko‘rinishidagi bal’zamdan xarid qiladi. Sotuvchilar unga bal’zamni qanday iste’mol qilish va saqlashni tushuntiradilar.

Tushuntirish bo‘yicha malhamni ichib borayotgan iste’molchi 15 kunga borganda o‘zida uning salbiy ta’sirlarlarini seza boshlaydi. Xususan, holsizlik, quvvatsizlik, qo‘l va oyoq qaltirashi, ko‘z nuri pasayishi, uzluksiz uyquga moyillik va boshqa belgilarni o‘zida his qila boshlagach, kompaniya vakillariga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bezovtaligiga sabab bo‘layotgan holatlarni tushuntiradi. Lekin ular o‘zi shunaqa bo‘lishini, xavotir olmasdan bal’zamni iste’mol qilishda davom etishni maslahat beradilar. Shundan so‘ng uni yana iste’mol qilishda davom etgan fuqaro ikkinchi oy o‘rtalariga borganda zo‘rg‘a harakat qilish darajasigacha tushib qolgan.

Murojaatni o‘rganish jarayonida mazkur kompaniya mas’ullariga uchrashilib, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning tegishli moddalari bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari o‘tkazildi. Uning yakunlariga ko‘ra esa, iste’molchi Z.Nizomovaga bal’zam uchun to‘lagan 700 ming so‘m pulini qaytarilishiga erishildi.

Azamatjon Babayev
Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий