O‘lchami to‘g‘ri kelmagan palto sotuvchiga, puli esa iste’molchiga qaytarildi

O‘lchami to‘g‘ri kelmagan palto sotuvchiga, puli esa iste’molchiga qaytarildi

Oltiariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Bozorboshi mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Sh.K.ning sotuvchidan o‘lchami to‘g‘ri kelmagan paltoni pulini qaytarib ololmayotganligi to‘g‘risidagi yozma murojaati o‘rganildi.

Iste’molchining ma’lum qilishicha, u tuman markazida joylashgan kiyim-kechaklar savdo do‘konidan qizi uchun ayollar paltosini 1 mln 800 ming so‘mga xarid qilib, uyga olib kelganligi, qiziga kiydirganida esa paltoning o‘lchami mos kelmaganligini, shundan so‘ng paltoni sotuvchiga qaytarib olib kelganligini bayon qiladi. Lekin sotuvchi xuddi shu fasondagi va iste’molchi so‘ragan o‘lchamdagi palto sotuvda qolmaganligini vaj qilib, o‘rniga boshqa fasondagi paltolardan birini berishi mumkinligini, bo‘lmasa pulini qaytarib kelingan tovar sotilgandan so‘ng olishini ma’lum qilgan.

Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasida iste’molchining maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqliligi ko‘rsatib o‘tilgan. Faqatgina ushbu turdagi tovar «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasida ko‘rsatib o‘tilgan, yuqoridagi kabi holatlarda almashtirilmaydigan yoki sotuvchilar tomonidan qaytarib olinmaydigan tovarlar ro‘yxatiga kirmasa bo‘ldi. Albatta, iste’molchi ham o‘z o‘rnida almashtirishga keltirilayotgan tovarlarni iste’mol qilinmagan bo‘lishiga, uning tovar ko‘rinishi, iste’mol xossalari, plombasi, yorliqlari saqlangan bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratishi lozim bo‘ladi.

Iste’molchi murojaatini o‘rganish jarayonida taraflarga qonunchilikning yuqoridagi talablari tushuntirildi. O‘rganish yakunlari bilan esa sotuvchi 1 mln 800 ming so‘m pulni iste’molchiga qaytardi.

Dilobar Dadaxonova
Oltiariq tuman jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий