Huquqiy oqibatlarini yaxshi tushunib yetgan sotuvchi iste’molchining qonuniy talabini qanoatlantirishni ma’qul topdi
Bag‘dod tumani «Mirzaobod» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi D.M. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga tuman markazidagi savdo do‘konidan sotib olingan kondisioner talab darajasida ishlamaganidan so‘ng sotuvchiga qaytarilgani, lekin sotuvchi 20 kundan ortiqroq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay masalani hal qilishni paysalga olib kelayotganligi borasida murojaat qoldirgan.
Murojaat tegishliligi bo‘yicha Federatsiyaning Bag‘dod tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilishi jarayonida iste’molchining murojaatida bildirilgan vajlar isbotini topdi. Iste’molchi 2023 yilning dekabr oyida 3 yillik kafolat muddati bilan 7 720 000 so‘mga xarid qilingan «Avalon» rusumli kondisionerni joriy yilning yanvar oyiga o‘tib yaxshi ishlamayotganligi sababi bilan sotuvchiga topshirib, undagi nuqsonlarni bartaraf etish, lozim bo‘lsa uni boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirish talabini qo‘ygan, biroq uning qonuniy talablarini bajarish ishlari paysalga solib kelingan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sotuvchi tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida bepul bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim, aks holda bu huquqiy oqibatlarga, xususan ushbu muddatlardan o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida iste’molchiga neustoyka (penya) to‘lashiga ham olib keladi. Murojaatni o‘rganish davomida ushbu holatlar sotuvchiga tushuntirilishi bilan nuqsonli kondisioner boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirilib, iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirildi.
Dilorom Mirzayeva,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий