Iste’molchi bank kartasidan uning familiyadoshi kredit to‘loviga o‘tkazib yuborilgan mablag‘ qaytarildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Marg‘ilon shahrida yashovchi X.D.ning olingan kredit mablag‘i uchun amalga oshirilgan to‘lovni o‘z hisob raqamida aks ettirilmasligi oqibatida mazkur to‘lovlardan qarzdorlik yuzaga kelganligi haqidagi muammosini bayon qilib, nazorat qiluvchi idoralar va hududiy birlashmaga qilgan yozma murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida Asia Alliance bankning «Farg‘ona» mintaqaviy bank xizmatlari ofisidan yillik 27,99 foiz ustama to‘lash sharti bilan, 3 yil muddatga 30 000 000 so‘m mikroqarz olganligini, olingan kredit bo‘yicha to‘lovlarni o‘z muddatida to‘lab kelayotgani, biroq kreditni to‘lash uchun biriktirilgan bank kartasining amal qilish muddati tugaganligi sababli, uni 2023 yilning dekabr oyida Sanoatqurilishbankdan yangisiga almashtirgani, shundan so‘ng bu haqda kredit bergan bank mas’ul (hozirda sobiq) xodimini ogohlantirganida karta tegishli tartibda rasmiylashtirib qo‘yilgani, lekin aynan ana shu xodim tomonidan 2024 yilning 10 yanvarida o‘ziga familiyadosh bo‘lgan X.E.ning kredit qarziga kafillik shartnomasi asosida uning kartasidan 1 240 000 so‘m o‘tkazib yuborilgani bayon qilinadi.
Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganishda iste’molchining murojaatida keltirgan vajlari isbotini topdi. O‘rganishlar davomida bank mijozi X.E. ga o‘tkazib yuborilgan mablag‘ summasi, X.E. dan iste’molchi X.D.ning bank plastik kartasiga to‘liq miqdorda qaytarilishiga erishildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий