Plastik kartadan ortiqcha yechib olingan mablag‘ egasiga qaytarildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Tarona» ko‘chasida yashovchi E.A.ning «Uzum nasiya» ilovasi yordamida xarid qilingan uy jixozlari uchun to‘lovning bank plastik kartasidan 2 200 000 so‘mdan ikki marta yechib olinib, to‘langan to‘lovlarda faqat bir martasi aks etganligi va ushbu ortiqcha yechib olingan mablag‘ni qaytarib olishda qiyinchilikka duch kelayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi «Atlas» supermarketidan jami 3 ta shartnoma asosida yuqoridagi onlayn ilova vositasida uy jixozlari xarid qilgan. Ish joyidan oylik maoshi plastik kartasiga tushgan vaqtda yuqoridagi shartnomalar asosida 483 240 so‘m, 1 002 564 so‘m va 738 240 so‘m, jami 2 224 044 so‘m mablag‘ avtomatik ravishda yechib olinadi. Lekin negadir mablag‘ ikki marta, ya’ni ikki oylik yechib olinib, to‘lovlar faqat bir oy uchungina amalga oshirilganligi qayd qilinganligini ko‘rgan iste’molchi onlayn ilova operatorlari bilan bog‘lanib, ortiqcha yechilgan mablag‘ni qaytarib berilishi bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. Ushbu harakatlari samara beravermagach Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyatiga yozma ravishda murojaat qiladi.
Masalaga shahar jamiyati mutaxassislari aralashuvi tezdagina o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatdi va iste’molchidan ortiqcha yechilgan mablag‘ summasi uning bank plastik kartasiga qaytarildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий