Yosh iste’molchilar o‘rtasida test sinovi shaklida kichik bellashuv tashkillandi

Yosh iste’molchilar o‘rtasida test sinovi shaklida kichik bellashuv tashkillandi

Har yili dunyo mamlakatlari qatori yurtimizda ham 15-mart «Butunjahon iste’molchilar huquqlari kuni» sifatida nishonlanib keladi. Shu nuqtai nazardan ushbu sana arafasida Federatsiyaning quyi tuzilmalari tomonidan joylarda turli ko‘rinishlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkillash va o‘tkazish an’ana tusiga kirib qolgan. Toshloq tumanida ham joriy yilda mazkur yo‘nalishda bir qator tadbirlar o‘tkazish rejalashtirib olingan bo‘lib, tumandagi 42-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan tadbir shular jumlasidandir.

Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida tashkillangan ushbu tadbirda o‘quvchilar o‘rtasida iste’molchilik huquqi asoslaridan maktab o‘quvchisi bilim saviyasi doirasida tuzilgan savollardan iborat test sinovi o‘tkazildi. Maktabning 25 nafar o‘quvchisi ishtirok etgan bilimlar bellashuvini tashkillangan ko‘zlangan asosiy maqsad esa, barchaning iste’molchi ekanligidan kelib chiqib, o‘quvchi yoshlarni iste’molchilik bilimlarini olishga qiziqtirish, kundaliq turmush jarayonida uchraydigan turli holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, kelgusida iste’molchilik ijtimoiy harakatida faol ishtirok etishga chorlashdan iborat bo‘ldi.

Bir bosqichli tarzda o‘tkazilib, shu yerning o‘zida to‘plangan ballar hisobi chiqarilgan test sinovlari yakunlariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan 3 nafar o‘quvchi tuman jamiyatining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Husnidaxon Yakubova,
tuman jamiyati mutaxassisi.

Отправить комментарий