O`rganish natijalari bilan fuqaroga amaliy yordam ko`rsatildi

Qo`qon shahar iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan shahardagi Oq-oltin ko`chasida joylashgan eski ikki qavatli uylardan birida yashovchi Sh.Yaxshiyevning «Farg`ona suv ta’minoti» Qo`qon shahar bo`limi tomonidan uning xonadoniga ichimlik suvi uchun 3 500 000 (uch yarim million) so`m miqdorida qarzdorlik hisoblab qo`yilganligidan noroziligini bildirib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga qilgan murojaati o`rganildi.
O`rganish davomida mazkur xonadon o`tgan asrning ikkinchi yarmi o`rtalarida foydalanishga topshirilganligi, uzoq yillar ushbu ko`p qavatli uyda yashovchilarning xonadonlarida ichimlik suvi va oqova suvi tarmog`i mavjud bo`lmaganligi, ular tashqaridagi umumiy hojatxonadan foydalanib kelganliklari, ichimlik suvini esa hovlidagi krandan tashib ichganliklari, so`ngi yillarda ushbu xonadonlarga alohida ichimlik suvi va oqova suvi uchun tarmoqlar tortilganligi maʼlum bo`ldi. Sh.Yaxshievning murojaatida ko`rsatilgan xonadonga 2010 yildan uch kishi ro`yxatga turib yashab kelgan (shunga qadar orada ushbu xonadonda maʼlum vaqt hech kim yashamagan). Mazkur uydagi xonadonlarda yashovchi fuqarolarning foydalanishlari uchun uy tashqarisida joylashgan ichimlik suvi kranidan suv isteʼmol qilganliklari uchun qatʼiy belgilangan miqdordagi to`lovlarni oyma-oy amalga oshirib borishlari lozim bo`lgani holda, murojaat egasi tomonidan mazkur to`lovlarni o`z vaqtida to`lab borilmasligi natijasida qarzdorlik yig`ilib qolgan. Yuqoridagi holatlar haqida mahalla fuqarolar yig`inida alohida dalolatnoma tuzildi hamda ichimlik suvi korxonasiga taqdim etildi.
Ichimlik suvi korxonasi shahar jamiyati o`rganish natijalari bo`yicha taqdim qilgan barcha hujjatlar, shuningdek O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasini asos qilgan holda, qayta hisob-kitob ishlarini amalga oshirdi. Uning natijalariga ko`ra, isteʼmolchining zimmasidagi real qarzdorlik 725 614 (yetti yuz yigirma besh ming olti yuz o`n to`rt) so`m miqdorida belgilandi.
Fuqaroga ichimlik suvi isteʼmolchisi sifatidagi huquq va majburniyatlari, shuningdek yuzaga kelgan qarzdorlikni tezlikda bartaraf etishi lozimligi tushuntirildi.

Аsrorjon Mamatqulov
Qo`qon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi