Hindistonning iste’molchilar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari kengaymoqda

CUTS International markazi rahbari “Sayyoh-2021” xalqaro forumida ishtirok etadi.

Bugun, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasida Hindistonning CUTS International (Iste’molchilar birligi va trast jamiyati) Iste’molchilar faolligi, tadqiqot va trening markazi direktori Jorj Cherian hamda Federatsiya raisi J.Sarimsoqov ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda, federatsiyaning faoliyati yo‘nalishlari, tarkibiy tuzilmasi, bugungi kunda amalga oshirayotgan ishlari, xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlari xususida so‘zlab berdi. U CUTS International rahbariyatiga o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashni va shu asosda ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yishni, iste’molchilar haqlarini himoya qilish muammolari yuzasidan o‘zaro tajriba almashish haqida fikrlar almashildi.

Shuningdek, J.Cherian Federatsiya Xalqaro iste’molchilar tashkiloti bilan hamkorlikda turizm sohasida iste’molchilar huquqini himoya qilish bo‘yicha “Sayyoh-2021” xalqaro forumini o‘tkazishni rejalashtirayotganidan xabari bor ekanini va o‘z tashkiloti kengaytirilgan tartibdagi delegatsiyasi bilan ishtirok etmoqchi ekanini ma’lum qildi.

Tomonlar bundan keyin muloqotni davom ettirishga, iste’molchilar huquqini himoya qilishning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashib turishga va transchegaraviy murojaatlarni birgalikda ko‘rib chiqish masalasida o‘zaro anglashuv Memorandum imzolashga kelishib olidi.
Qayd etish joizki, ijtimoiy adolat, iqtisodiy tenglik va atrof muhit barqarorligi, chegaralar suverenitetini ta’minlashni o‘ziga shior qilib olgan CUTS International nodavlat notijorat tashkiloti 1984 yili tashkil topgan. Tashkilotning boshqa qarorgohi Rajaston shtati poytaxti Jaypur shahrida, advokatlik markazi esa Nyu-Dehli shahrida joylashgan. Chet ellarda 6 ta markazi bor: Lusaka, Zambiya; Nayrobi, Keniya; Akkra, Gana; Xanoy, Vetnam; Jeneva, Shveysariya va Vashington shahri, AQSH.

CUTS International 1990 yildan beri Xalqaro iste’molchilar tashkiloti a’zosidir.

Muloqotda federatsiyaning Qoraqalpog‘iston Resbulikasi va barcha viloyat hududiy birlashmasi raislari ham ishtirok etdi.

Federatsiya Matbuot xizmati