Nuqsoni bilan sotib yuborilgan konditsioner sotuvchiga qaytarildi

Fargʼona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Gulxaniy koʼchasida yashovchi Z.Saybitdinovning yakka tartibdagi tadbirkor “Eropov Utkirjon Аbdulvaxobovich”ga qarashli savdo doʼkonidan sotib olgan konditsionerida nuqson chiqqanligi holati yuzasidan qilgan murojaati oʼrganildi.

Isteʼmolchining murojaatida bayon qilinishicha, u savdo doʼkonidan “HOFMANN” rusumli konditsoner sotib olgan. Biroq foydalanish jarayonida unda nuqson chiqqanligi sababli servis xizmatiga murojaat qilgan. Servis xizmati koʼrsatish tashkiloti xodimlari tomonidan konditsonerni taʼmirlash uchun ochib koʼrilganda uning ayrim ichki detallariga sotuvgacha boʼlgan muddatda shikast yetganligi maʼlum boʼlgan.

Shundan soʼng, servis xizmati ustalarining xulosasi, shuningdek amaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi qonunining tegishli moddalari asosida sotuvchiga murojaat qilinib, nuqsonli tovar uchun toʼlangan pulni isteʼmolchiga qaytarish talabi qoʼyildi. Yuzaga kelgan vaziyatda oʼzining nohaqligini tushunib yetgan sotuvchi 10 500 000 (oʼn million besh yuz ming) soʼm pul mablagʼini isteʼmolchiga qaytarib berdi.

Murojaati yuzasidan olib borilgan ishlardan qoniqish hosil qilgan isteʼmolchi Z.Saybitdinov shahar jamiyati mutaxassislariga oʼz minnatdorchiligini izxor qildi.

Shermurod Oxunov
Fargʼona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi