Qarzdorlikning kelib chiqishiga “almashtirilgan” hisoblagich sabab bo‘lgan

Chaman qishlog‘ida yashovchi M.Parpieva bilan sodir bo‘lgan holat esa elektr ta’minoti masalalari bilan bog‘liq. Korxona iste’molchiga 1 418 280 (bir million to‘rt yuz o‘n sakkiz ming ikki yuz sakson) so‘m qarzdorlik chiqarganidan so‘ng, u ushbu holatdan norozi bo‘lib, Quva tuman jamiyatimizga murojaat qilgan.

Murojaat tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida iste’molchi foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirib kelayotganligi, korxonaning mijozlar bilan ishlash bo‘limi bazasidagi iste’molchining shaxsiy varaqasiga xonadondagi elektron hisoblagich uskunasi 10.07.2015 yil kunida 2115 (ikki ming bir yuz o‘n besh) kVt/soat ko‘rsatkich bilan almashtirildi va yangi uskuna o‘rnatildi, degan mazmundagi ma’lumotlar kiritib yuborilganligi, aslida esa iste’molchining elektr hisoblash uskunasi almashtirilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Kamiga 2015 yilning 12 oktyabr kuni korxona xodimlari tomonidan o‘tkazilgan xatlovda iste’molchining xonadonidagi elektr uskunasi ko‘rsatgichini 2250 kVt/soat sifatida bazaga kiritilishi va buni bazada yangi hisoblagichning ko‘rsatgichi sifatida hisoblab ketilishi (aslida eski hisoblagich 2250-2115=135 kVt/soat ishlagan) iste’molchining bugungi kunga kelib duch kelib turgan qarzdorlik muammosini kelib chiqishiga sabab bo‘lganligini ham o‘rganish ishlari ko‘rsatib berdi.

Hujjatda almashtirilgan, lekin aslida ish faoliyatini davom ettirayotgan hisoblagichning bugungi kun holatiga ko‘rsatkichi 4166 kVt/soatga yetgan. Iste’molchi tomonidan amalga oshirib kelingan to‘lovlar esa hisoblagichning 3260 kVt/soatiga qadarni tashkil qiladi. Bu yerdan oddiy arifmetika usuli bilan iste’molchining haqiqatdagi qarzdorligi 906 kVt/soatni yoki 267270 so‘mni tashkil qilishini bilish mumkin.

Quva tuman jamiyati tomonidan o‘rganish ishlari natijalari yuzasidan tuman elektr ta’minoti korxonasiga yuzaga kelgan asossiz qarzdorlikni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rilishini so‘rab tegishli ma’lumotnoma kiritildi hamda bu haqda iste’molchiga yozma ravishda ma’lum qilindi.

Feruza Umurzaqova
Quva tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi