Matbuot anjumani va OAV vakillarini taqdirlash

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi 221-I-sonli Qonuni 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan bo‘lib, 30 ta moddadan iborat.

Kundalik turmush jarayonida barchamiz iste’molchimiz, degan tushuncha mavjud. Bu tushuncha qaerdan kelib chiqqan?
Yuqoridagi Qonunning 1-moddasi (Asosiy tushunchalar)da iste’molchi — foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs) ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Fuqaro muayyan majburiyat munosabatlarida qatnashishi, yirik summalarda bitimlar tuzishi uchun muomala layoqatiga ega bo‘lishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 22-moddasiga ko‘ra, fuqaroning o‘z harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga oshirish, o‘zi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala layoqati) u voyaga yetgach, ya’ni o‘n sakkiz yoshga to‘lgach to‘la hajmda vujudga keladi.

Shuning bilan birgalikda, fuqaroda huquq layoqati ham mavjud bo‘lib, Fuqarolik kodeksining 17-moddasiga ko‘ra, huquq layoqati inson tug‘ilgan paytdan e’tiboran vujudga keladi va vafot etishi bilan tugaydi.

Insonning iste’molchi deb e’tirof etilishi uchun esa, huquq layoqatining mavjudligi kifoyadir. Shundan kelib chiqqan holda, “Barchamiz – iste’molchimiz” degan tushuncha kelib chiqqan.

Yana Fuqarolik kodeksidan kelib chiqilsa, uning 16-moddasida, jismoniy shaxslar deganda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari tushunilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Shu sababli ham iste’molchi tushunchasi keng tushuncha bo‘lib, nafaqat mamlakatimizning 34 mln ga yaqin fuqarolarini, balki yurtimizda yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet fuqarolarini ham o‘z ichiga qamrab oladi.

Qonunning 2-moddasiga ko‘ra, mamlakatimizda qabul qilinayotgan Qonun hujjatlari ushbu Qonunda belgilangan iste’molchilarning huquqlarini cheklab qo‘yishi, ularni himoya qilishning kafolatlarini kamaytirishi mumkin emas.

Amaldagi qonunning 4-moddasiga ko‘ra, iste’molchilarning 6 ta asosiy huquqlari ko‘rsatib o‘tilgandir. Ular: ma’lumot olish, erkin tanlash va sifatga bo‘lgan huquq, xavfsizlik, yetkazilgan moddiy ziyon va ma’naviy zararlarni qoplanishi, huquqlarini davlat idoralari va sud tomonidan himoya qilinishi hamda iste’molchilarning jamoat birlashmalariga birlashish kabi huquqlardan iboratdir.

Amaldagi qonunning 5-moddasidan 22-moddasiga qadar va 28-moddasi iste’molchining o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqara olishi bo‘yicha normalar, shuningdek sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi)larnig bu boradagi huquq va majburiyatlarini aks ettiruvchi normalardan iborat.
23-26-moddalari esa iste’molchi huquqining davlat tomonidan kafolatlanishi bo‘yicha normalarni, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining bu boradagi huquq va vakolatlarini aks ettiradi.

27-moddasida qonun hujjatlarini bzganlik uchun javobgarlik, 29-moddasida iste’molchi huquqlarini sud orqali himoya qilish bo‘yicha normalar belgilab qo‘yilgan. 30-modda iste’molchilarning jamoat birlashmalari haqidadir.

Quyida e’tiboringizga Farg‘ona viloyati hokimi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori tomonidan tasdiqlangan “Farg‘ona viloyati hokimi, shahar va tuman hokimlari hamda viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi” ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona shahridagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”da hududiy birlashma rahbar va mas’ul xodimlari hamda OAV vakillari ishtirokida “Iste’molchilarning ma’lumot olish huquqi: joriy ahvol, qonun ijrosini ta’minlash uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar. Sud idoralari yordamida iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish: sohadagi yutuq va muammolar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumani to‘g‘risida axborot lavhasini havola etamiz.

Hududiy birlashma Axborot xizmati