Iste’molchi savol so‘raydi

Yozning issiq, jazirama kunlarida odam tez chanqaydi va chanqog‘ini qondirish uchun turli salqinlantiruvchi ichimliklar iste’mol qiladi. Shunday sharoitda ko‘cha-kuyda kvas, mors, ayron, uy sharoitida tayyorlangan turli sharbatlarni sotilayotganligiga guvoh bo‘lamiz. Aytingchi, shunday salqinlantiruvchi ichimliklarni iste’mol qilishda nimalarga e’tibor qaratish muhim?

Javob:

Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasida iste’molchilarning asosiy huquqlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, unga ko‘ra, iste’molchilar tovar haqida, shuningdek, uning ishlab chiqaruvchisi (sotuvchisi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovarlarni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi, tovarlarning xavfsiz bo‘lishi kabi huquqlarga egadirlar. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi)lar esa iste’molchilarning ana shu huquqlarini ta’minlab berishlari shart.

Shuning bilan birgalikda, qonunning 12-moddasiga ko‘ra, iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.

Endi savol tug‘iladi, Siz tomoningizdan aytib o‘tilgan, ko‘cha-kuylarda sotilayotgan kvas, mors, ayron, uy sharoitida tayyorlangan sharbatlarni sotish jarayonida qonunning yuqoridagi talablari ta’minlab berilyaptimi?

Agar katta hajmdagi maxsus idishlarda sotilayotgan kvas, mors kabi salqintiruvchi ichimliklar aniq bir ishlab chiqaruvchining mahsuloti bo‘lsa hamda ushbu mahsulot, shuningdek uning mahsulot idishi tegishli moslik va gigienik sertifikatlarga ega bo‘lsa, mahsulotlarni sotish jarayonida tegishli sanitariya-gigiena talablariga amal qilinayotgan, ya’ni sotuvchi tibbiy daftarchaga ega, u maxsus kiyimda, bugungi pandemiya sharoitini ham hisobga olgan holda tibbiy niqobda, qo‘lida tibbiy qo‘lqop bilan savdoni amalga oshirayotgan bo‘lsa, shuning bilan birgalikda mahsulotni quyib sotishda bir martalik idishlardan foydalanilib, ushbu idish iste’moldan so‘ng chiqindi qutisiga tashlab yuborilayotgan bo‘lsa, mazkur savdo nuqtasidan salqinlantiruvchi ichimliklarni sotib olib iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Lekin yuqoridagi talablardan birortasiga amal qilinmayotganligi ham o‘z sog‘lik-salomatligi haqida qayg‘iruvchi iste’molchida shubha uyg‘otishi kerak.

Endi qo‘lbola ayron va uy sharoitida tayyorlangan turli sharbatlarni sotilishi holatiga kelsak. Bunday mahsulotlarni tayyorlash jarayonlari mavhumligi, tegishli sanitar-epidemiologik xulosalarga ega bo‘lmaganligi (moslik sertifikatlari xususida umuman gapirmasa ham bo‘ladi) sababidan ularni realizasiya qilishga ruxsat berilmaydi.

Agar iste’molchi ayron yoki meva sharbatlarini iste’mol qilmoqchi bo‘lsa, savdo nuqtalarida sotilayotgan, muayyan ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilib, alohida idishlar (shisha, PET idishlar)ga qadoqlangan mahsulotlarni sotib olib iste’mol qilgani ma’qul.

Otabek Millaboev
Hududiy birlashma sektor boshlig‘i