Hisobot davridagi faoliyat tahlil qilindi

Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining hisobot davrida fuqarolar manfaati yo‘lida olib borgan ishlari tahliliga bag‘ishlangan umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparati mas’ul xodimlari hamda jamiyatning korxona, tashkilot va muassasalardagi tayanch guruhlari rahbarlari va faollari ishtirok etishdi.

Tumandagi Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish jamiyatning o‘tgan davrdagi faoliyatiga tahliliy nazar tashlash, mavjud tayanch guruhlari bilan hamkorlikni yanada oshirish masalalariga bag‘ishlandi. Jamiyat xodimlari tomonidan o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha xisobot o‘qib eshittirilib, ishtirokchilarning fikr-mulohazalari tinglandi. Ma’ruza yuzasidan fikrlar almashinib, aholining iste’molchilik huquqlarini buzilishini oldini olish borasida olib borilishi lozim bo‘lgan ishlarga to‘xtalindi.

Shuningdek, yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala, ya’ni Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasining navbatdagi konferensiyasiga ham vakillar saylanib, yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Umumiy yig‘ilish ishida hududiy birlashma rais o‘rinbosari-ijrochi direktor D.Fazilov hamda boshqa mas’ullar ham ishtirok etdilar.

Husnidaxon Yakubova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi