Tuman jamiyatining umumiy yig‘ilishi hamda matbuot anjumani o‘tkazildi

Viloyatimiz tuman va shaharlarida bo‘lgani kabi Bag‘dod tumanida ham iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining umumiy yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda jamiyat ijro etuvchi apparati mas’ullari va tayanch guruhlari faollari ishtirok etdilar.

Dastlab umumiy yig‘ilish kun tartibidagi birinchi masala tuman jamiyati raisining 2016-2020 yillar va 2021 yilning 9 oyi davomidagi faoliyati yuzasidan hisobot ma’ruzasi tinglanib, masala yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi. Muhokamalaradan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilarining bildirgan fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda tuman jamiyatining hisobot davridagi faoliyatini qoniqarli deb topish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng umumiy yig‘ilish Farg‘ona viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasining navbatdagi konferensiyasiga tumandan vakillar nomzodlarini ko‘rib chiqdi va tasdiqladi.

Shuningdek, yig‘ilish doirasida hududiy birlashma sektor boshlig‘i G‘.Mamatqulov tomonidan viloyat hokimi hamda AOKA direktori tomonidan tasdiqlangan reja asosida «Federatsiya tizimida tashkillanayotgan «Iste’molchilar uylari» faoliyati (Bag‘dod va Rishton tuman jamiyatlari misolida)» mavzusida matbuot anjumani ham tashkillanib, ishtirokchilarga Federatsiya tizimida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar ham berib o‘tildi.

Dilorom Mirzayeva
Bag‘dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi