Yangi qozon yaroqsiz chiqdi

Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Quyi Yakkatut mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi M. Jabborovning sotib olingan tovar sifatsiz chiqqanligi bo‘yicha murojaati o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi tuman markazidagi xo‘jalik mollari do‘konidan qiymati 200 000 so‘m bo‘lgan ovqat pishirish uchun mo‘ljallangan qozonni sotib olgach, birinchi ishlatishi jarayonidayoq qozon erib, teshilib qolgan. U ushbu holat bo‘yicha do‘kon egasiga murojaat qilib, sifatsiz tovarni qaytarish va nuqsonli tovar uchun to‘langan pulni qaytarish bo‘yicha hech qanday natijaga erisha olmagan.

Tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari yuzaga kelgan masala yuzasidan xaridor va savdo do‘koni egasi bilan suhbatlashib, ularga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini tushuntirdilar. Natijada fuqaro tomonidan bildirilgan vajlar asosli deb topilib, uning qonuniy talablari qondirilishiga, ya’ni nuqsonli tovarni sotuvchiga, pulni esa iste’molchiga qaytarishga erishildi.

Husnidaxon Yakubova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi