Hukumatning Federatsiya faoliyati e’tirof etilgan qarori qabul qilinganiga 20 yil to‘ldi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan AOKA direktori hamda viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan media tadbirlar rejasi asosida Farg‘ona davlat universiteti talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkillandi.

“O‘zbekistonda iste’molchilik ijtimoiy harakati Hukumat tomonidan e’tirof etilganiga 20 yil to‘ldi” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbirda mamlakatimizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosini ta’minlanishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-son qarori o‘rni va ahamiyatiga alohida urg‘u berib o‘tildi.

Ta’kidlandiki, iste’molchilar huquqlari va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash uchun jamoatchilikni keng jalb etish, ichki iste’mol bozorida sifati past, odamlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi tovarlar sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining huquqiy va iste’mol madaniyatini oshirishga doir ishlarni faollashtirish maqsadida qabul qilingan mazkur qaror bilan yurtimizda iste’molchilik ijtimoiy harakati keng quloch yoyishiga mustahkam zamin yaratib berilgan.

Mazkur qaror bilan mamlakatimizda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashkil etilganligi e’tirof etilib, uning asosiy vazifalari, federatsiya tuzilmalarining moddiy-texnika ta’minoti masalalari, sohaga daxldor davlat boshqaruvi idoralari bilan hamkorligi va ular tomonidan ko‘rsatiladigan amaliy yordamlar, federatsiya faoliyatini, sohadagi muammolar va kamchiliklar hamda ularni hal etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni, iste’mol madaniyatini va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha an’analarni keng va muntazam yoritish masalalarini hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangandi. O‘tgan davr ichida ushbu qaror talablari asosida respublikamizda iste’molchilik ijtimoiy harakatini keng rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi va bugungi kunda ham izchil davom ettirilmoqda.

Tadbir davomida ishtirokchilarga mavzu yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berish barobarida ularni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarilib, ularning sohaga oid masalalardagi fikr-mulohazalari hamda takliflari ham tinglandi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Suratlarni UzA muxbiri Muqimjon Qodirov olgan