Pochta xodimining e’tiborsizligi chiqimdor bo‘lishiga sabab bo‘ldi

Yozyovon tumanida yashovchi Z.Xomidovning xonadoniga MIB xodimlari kelib uning “Vodiy Maxsus Sanitar Trans” MChJdan mavjud bo‘lgan qarzdorligini sud buyrug‘i tartibida undirishga kelganliklarini, shuningdek u sud harajatlarini ham to‘lashi lozimligini aytishgan. Fuqaro holatga aniqlik kiritib olish uchun ulardan muhlat so‘rab, tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ushbu masalada murojaat qilgan.

Fuqaroga ko‘ra, u “Vodiy Maxsus Sanitar Trans” MChJ oldidagi 124 ming so‘m qarzi mavjudligini tan oladi, lekin bu masalada sud buyrug‘i chiqarilganligini, unga ko‘ra 300 ming miqdorida davlat boji ham to‘lashi kerakligini shu kunga qadar unga hech kim ma’lum qilmagan.

O‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, mavjud qarzdorlikni zudlik bilan bartaraf qilishi lozimligi va davlat bojini to‘lashi bo‘yicha Ogohlantirish xati fuqaroga tuman pochta aloqa bo‘limi orqali yuborilgan. Lekin Ogohlantirish xatini fuqaroga yetkazishi lozim bo‘lgan pochta aloqa bo‘limi xodimi M.I. uni fuqaroga yetkazmasdan, uni olinganligi to‘g‘risida o‘zi tomonidan imzolab, fuqaroni xabardor qilmagan. Natijada fuqaroga ogohlantirish yuborilganidan so‘ng 18 kun o‘tib, Z.Xomidovning xonadoniga kelgan tuman MIB xodimlari yuqoridagi tushunmovchilik holatiga duch kelganlar.

O‘rganish ishlari doirasida fuqaro tomonidan 124 ming so‘m qarzdorlik zudlik bilan bartaraf qilinadigan, davlat boji harajatlarini esa pochta aloqa bo‘limi xodimidan undiriladigan bo‘ldi.

Shavkatjon Saidov
Yozyovon tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi