Nuqson sotuvchi tomonidan 20 kun ichida, ishlab chiqaruvchi tomonidan esa 10 kun ichida bartaraf etilishi lozim

Rishton tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Miskin mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Sh.No‘monovaning xarid qilingan kir yuvish mashinasida nuqson kuzatilgach, mashina servis markaziga olib ketilib, nuqsonni bartaraf etish ishlari paysalga solinayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.

Iste’molchiga ko‘ra, u Qo‘qon shaxridagi savdo do‘konidan “ZIFFLER” firmasida ishlab chiqarilgan kir yuvish mashinasini 3 mln 900 ming so‘mga xarid qilgan. Xonadonga keltirilgan kir yuvish mashinasining oradan bir necha kun o‘tib eshik qismi sensori ishlamay qolgan. U kompaniya servis markaziga qo‘ng‘iroq qilib, holatni tushuntirgach, servis xizmati xodimlari kelib kir mashinani olib ketganlar. Lekin oradan 12 kun vaqt o‘tib ketsada ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmay kelgan.

Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga ko‘ra, tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim. Ushbu holatda servis markazi qonunda belgilangan muddatlarni 2 kunga o‘tkazib yuborgan. Bunday holatga yo‘l qo‘yilishi esa ishlab chiqaruvchi vakili tomonidan o‘tkazib yuborilgan kunlar uchun neustoyka (penya) to‘lash majburiyatini keltirib chiqarishi mumkin.

Ushbu holatlar servis markazi xodimlari bilan telefon orqali bog‘lanilib tushuntirildi. Natijada kir yuvish mashinasi tez muddatlarda ta’mirlanib, iste’molchining yashash manziliga yetkazib berildi.

Husniddin Latipov
Rishton tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi