Nuqsonli gaz plita maqbul sifatdagisiga almashtirildi

Rishton tumani iste’mochilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan To‘da mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi X.To‘xtasinovaning 650 ming so‘mga xarid qilingan gaz plitasining nuqsonli chiqqanligi borasidagi murojaati o‘rganildi.

Murojaatchiga ko‘ra, u tuman markazida faoliyat yuritib kelayotgan savdo do‘konidan tovar qiymatini to‘rt oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan gaz plitasi xarid qilgan. Foydalanish jarayonida gaz plitaning duxovkasi o‘t chaqnash qismida nuqson borligi ma’lum bo‘lgan. Bu borada sotuvchiga bir necha bor murojaat qilsada, nuqson bartaraf etilmagach, o‘zining qonuniy huquqlari ro‘yobga chiqarilishida amaliy yordam so‘rab, tuman jamiyatiga murojaat qilgan.

Murojaatni o‘rganish davomida iste’molchining vajlari asosli ekanligi ma’lum bo‘lgach, tuman jamiyati mas’ullari tomonidan savdo do‘koni rahbari bilan uchrashilib, amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablari yuzasidan tushintirishlar berildi. Natijada iste’molchining yuqorida nomi zikr etilgan qonun 13-moddasidagi huquqlaridan kelib chiqib, qonunning 14-moddasidagi tartib asosida nuqsonli gaz plita sotuvchiga qaytarilib, o‘rniga iste’molchining hohishi asosida boshqa markadagi gaz plitasi berilishiga va shartnoma shu asoslarda yangitdan tuzilishiga erishildi.

Husniddin Latipov
Rishton tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi