Oldindan to‘lovda ishlaydigan hisoblagichning faol holatdaligini o‘zi abonentda qarz yo‘qligini isboti emasmi?

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Qo‘shtepa tumani Balandmasjid mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro A.R.ning iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun asossiz qarzdorlik hisoblanayotganidan norozi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasiga qilgan elektron murojaati hududiy tegishliligi bo‘yicha o‘rganib chiqildi.

Aslida, avvalroq fuqaroning shu mazmundagi murojaati asosida shahar jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, iste’molchiga haqiqatda asossiz qarzdorlik hisoblangani holati aniqlanib, mas’ullarga qonun talablari tushuntirilgan, ular tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, qarzdorlikni bartaraf qilish chora-tadbirlarini ko‘rilishi belgilangan edi. Biroq murojaatni qayta o‘rganish jarayonida mas’ul xodimlarning e’tiborsizligi oqibatida iste’molchining xonadoniga chiqarilgan noreal qarzdorlikni elektron bazadan olib tashlash ishlari oxiriga yetkazilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Olib borilgan o‘rganish ishlari jarayonida shahar jamiyatining so‘rovi asosida gaz idorasi tomonidan asossiz qarzdorlikni bartaraf qilinishi choralari ko‘rilganligi, yuzaga kelgan 590140 so‘m qarzdorlikni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yildagi 22-sonli qarori 2-ilovasi 88-bandiga asosan tahrirlash yo‘li orqali hisobdan chiqarilganligi va tegishli hujjatlar to‘plami «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta’minoti filialiga topshirilganligi bo‘yicha rasmiy bildirish xati olindi.

Iste’molchilarga zamonaviy ASKUG gaz hisoblash uskunalari o‘rnatilishi, mazkur hisoblagichlar faqat oldindan to‘lov asosida ishlashini e’tiborga olinsa hamda mantiqan olganda hisoblagich faol holatda bo‘lsa, shu holatning o‘zi iste’molchida qarzdorlik mavjud emasligini aniq-tiniq isboti hisoblansada, joylarda iste’molchilarda qaerlardandir qarzdorlik yuzaga kelib qolayotganligi tushunarsiz va qabul qilib bo‘lmaydigan hamda aholida bu borada olib borilayotgan islohotlarga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatdir. Shundan kelib chiqqan holda, biz mas’ullardan o‘z ishlariga yanada mas’uliyat bilan yondoshishlarini so‘rab qolamiz.

Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi