Iste’molchi qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaganligi ma’lum bo‘ldi

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilgan shaharning Ko‘kalamzor ko‘chasida yashovchi X.X. ichimlik suvi yetkazib beruvchi korxona tomonidan iste’mol qilingan ichimlik suvi va oqova xizmatlari to‘lovlari bo‘yicha asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligini ma’lum qilib, mazkur holatga oydinlik kiritib berilishini so‘ragan.

Murojaat «Farg‘ona suv ta’minoti» MChJ Farg‘ona shahar bo‘limi xodimlari bilan birgalikda o‘rganib chiqilishi jarayonida haqiqatan ham iste’molchining murojaatida ko‘rsatilgan vajlarning asosli ekanligi, xonadonga nisbatan hisoblangan 458 246 so‘m miqdoridagi qarzdorlikning noreal ekanligi ma’lum bo‘ldi va ichimlik suvi korxonasi tomonidan mazkur qarzdorlikni bartaraf qilish choralari ko‘rildi.

O‘rganish ishlari davomida olib borilgan qayta hisob-kitob yakunlari bo‘yicha, xonadonga o‘rnatilgan suv hisoblagich uskunasining 00404 metr kub ko‘rsatkichi holatiga, xonadonning yetkazib berilgan ichimlik suvi va oqava xizmatlaridan qarzdorligi yo‘qligi yuzasidan ma’lumotnoma olinib, murojaatchiga taqdim qilindi.

Usmonjon Ruziyev
Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassisi