Nuqsonli tovar sotuvchiga qaytarildi

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Oybek ko‘chasida istiqomat qiluvchi X.M.ning xarid qilingan mobil qurilmani nuqsonli chiqqanligi bo‘yicha murojaati o‘rganildi.

Murojaat egasiga ko‘ra, u shahardagi «Mega stor» savdo do‘konidan Samsung A-03 64 gb rusumli mobil qurilmani bir yillik kafolat muddati bilan 1 mln 200 ming so‘mga xarid qiladi. Lekin telefon apparatida kafolat muddati ichida nuqsonlar vujudga kela boshlaydi. Bu haqda sotuvchiga qilgan murojaatiga esa «Servis markaziga boring» degan javobni oladi. Servis markazining qaerda joylashganligi bo‘yicha esa iste’molchiga jo‘yali tushuntirish berilmaydi. Shundan so‘ng u o‘zi duch kelgan muammosini hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyatiga murojaat qiladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sotuvchi iste’molchiga o‘zi realizasiya qilayotgan tovar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Bunday ma’lumotlar sirasiga esa ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular iste’molchidan da’vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, ta’mirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning manzillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham kiradi. Tovar (ish, xizmat) haqidagi zarur axborotning yo‘qligi esa bunday tovar (ish, xizmat)ni realizasiya qilish ma’lumot berilgunga qadar tegishli davlat boshqaruvi organining ko‘rsatmasi bo‘yicha to‘xtatib turilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

O‘rganish ishlari davomida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida, shuningdek sotuvchiga qonun talablarini bajarmaslik natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqiy oqibatlar tushuntirilgach tomonlar o‘rtasida shartnomani bekor qilish hamda nuqsonli tovarni sotuvchiga, tovar uchun to‘langan pul summasini esa iste’molchiga qaytarishga erishildi.

Usmonjon Ruziyev
Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassisi