Optik tolali liniyadagi uzilish iste’molchining internetdan foydalanishida muammo tug‘dirgan

Qo‘qon shahrining G‘oziyog‘liq mahallasida yashovchi T.M. Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilib, «Uztelecom» milliy operatorining «Uzonlayn» internet xizmatlaridan foydalanish borasidagi muammo yuzasidan o‘z arizasini qoldirgan.

Murojaatchiga ko‘ra, u «Uzonlayn» internet xizmatlaridan foydalanib keladi, biroq xonadoni atrofida tarmoq simi uzilishi sababidan internet xizmatlaridan foydalana olmasdan qolgan. Bu haqda telekommunikasiya bog‘lanmasining tegishli operatorlariga xabar bergan bo‘lsada, bog‘lanmadan mutaxassislar hali hanuz tarmoqdagi uzilishni bartaraf etish chorasini ko‘rish uchun kelmagan.

Murojaatni o‘rganish davomida hududga internet tarmog‘i optik tolali kabel vositasida yetkazib berilishi, iste’molchi yuzaga kelgan nosozlik haqida haqiqatan ham murojaat qoldirganligi qayd qilindi. Bog‘lanma mas’ullarining bergan tushuntirishlariga ko‘ra, iste’molchidan murojaat qabul qilib olingan kunlarda shamol oqibatida optik tolali liniyalarda ko‘plab uzilishlar kuzatilgan, buning natijasida shu masalada murojaatlar ko‘paygan, korxonada mavjud optik tolani ulash uchun mo‘ljallangan yagona uskunaning esa barcha chaqiriqlarga bir vaqtda xizmat ko‘rsata olmasligi ortidan chaqiriqlarga borib xizmat ko‘rsatishda ko‘zda tutilmagan navbat yuzaga kelgan.

Murojaatni o‘rganish bo‘yicha ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida iste’molchi tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik tez muddatlarda bartaraf etilib, xonadonni internetdan bir maromda foydalanish imkoniyati ta’minlab berildi.

Muhammadjon O‘lmasov,
Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassisi.