Majburiyat muddatidan oldin bajarilgan, lekin …

Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Yozyovon tumani «Qo‘rg‘oncha» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi G. X. muddatli to‘lovga olingan tovar uchun to‘lovlar to‘liq bartaraf qilingan bo‘lsada, oradan muayyan vaqt o‘tib, bu borada kelib chiqqan tushunmovchiliklar bo‘yicha yozma ravishda murojaat qilgan.

Murojaatda ko‘rsatilishicha fuqaro 2022 yil aprel’ oyida Toshloq tumanida joylashgan “Garant” MChJga qarashli kredit do‘konidan 310 000 so‘mlik ayollar sumkasini qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari asosida xarid qilgan bo‘lsada, aprel’ oyining o‘zida 200 000 so‘m, may oyiga o‘tib qolgan 120 000 so‘mini to‘lab, o‘z majburiyatlarini muddatidan ilgari bajarib qo‘ygan. Biroq 2023 yilga o‘tib uning telefoniga kreditdan bo‘lgan qarzdorlikni to‘lash bo‘yicha qator-qator SMSlar kela boshlagach, iste’molchi do‘konning kredit bo‘lim boshlig‘iga masala bo‘yicha murojaat qilgan. Sotuvchining mas’ul vakili tomonidan shartnoma xodimning aybi bilan yopilmay qolgan bo‘lishi mumkinligi aytilib, masalaga oydinlik kiritib berilishi va’da qilingan bo‘lsada, uning murojaatidan so‘ng ham vaqti-vaqti bilan SMSlar kelishi to‘xtamagan.

Murojaat tuman jamiyati mutaxassislari hamda kredit do‘koni mutasaddilari hamkorligida o‘rganilishi jarayonida iste’molchining arizasida ko‘rsatilgan vajlarning asosli ekanligi, u haqiqatan ham o‘z majburiyatlarini muddatidan ilgari bajarib qo‘yganligi, lekin sotuvchi tomonidan bu boradagi o‘z majburiyatlari to‘liq oxiriga yetkazmaganligi sababli iste’molchiga SMSlar borib turganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari doirasida tushunmovchilikka va buning ortidan iste’molchining ma’naviy zarar ko‘rishiga barham berilishiga erishildi.

Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.