Sudda yana bir da’vo arizasi qanoatlantirildi

Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqaro M.O.ning manfaatini ko‘zlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlaro sudiga kiritilgan da’vo arizasi qanoatlantirilib, javobgardan fuqaro foydasiga 6 005 000 so‘m moddiy va 1 000 000 so‘m ma’naviy zarar undirilishi bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarildi.

Iste’molchi M.O. «AXIOM PLAN» MChJga qarashli savdo do‘konidan narxi 6 161 607 so‘m bo‘lgan Pedalli Elektroskuter Red Motor 20/3 mahsulotini 1 yil davomida bo‘lib to‘lash shartlarida 10 050 000 so‘mga kelishib, oyiga 1 005 000 so‘mdan to‘lab borish shartida shartnoma imzolagan. Oldi-sotdi jarayonida elektroskuterga 6 oylik kafolat muddati belgilangan. Lekin iste’molchi uch yarim oy davomida undan foydalanishini jarayonida akkumulyator qismi qizib, quvvat olmay qo‘ygan. Bu borada sotuvchiga murojaat qilganida ular servis markaziga borishni maslahat berishgan. Servis markazidagilar esa akkumulyator qismiga kafolat berilmasligi va uni o‘z hisobidan ta’mirlashi kerakligini ma’lum qilganlar.

Ish sudda ko‘rilishi jarayonida javobgar tomonining elektroskuterning akkumulyatoriga kafolat bermaganliklari, iste’molchi tomonidan elektroskuter akkumulyatorini noto‘g‘ri ishlatilgani, bu haqda servis markazi xulosasi mavjudligi haqida keltirgan vajlari, da’vogar tomonining kafolat muddati mobaynida tovarning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qo‘llanilishini, ulardan foydalanilishini) ta’minlanishi shartligi, sotuvchi akkumulyatorga kafolat bermaganligi holati shartnomada aks ettirilmaganligi kabi vajlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra tovarda kafolat muddatida yuzaga kelgan nuqsonlar bepul bartaraf etilishi lozimligi, bu talab sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan bajarilmaganda iste’molchida shartnomani bekor qilish va yetkazilgan ziyon hamda ma’naviy zararni undirish huquqi vujudga kelishi hisobga olindi. Ishni ko‘rish yakunlariga ko‘ra esa sud masalani iste’molchi foydasiga hal qilib, sotuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi shartnomani bekor qilish, iste’molchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi.

Sardorbek Mirzajonov,
tuman jamiyati raisi.

(illyustrativ foto)