Murojaat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakolatga ega bo‘lgan idora hamkorligida o‘rganildi

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Farg‘ona shahridagi aeroport hududida joylashgan avtoturargohda belgilanganidan oshiqcha pul talab qilish holati yuzasidan qilingan murojaat o‘rganildi.

Murojaatda mazkur avtoturargohga mashinada bir muddat kirib chiqilgani uchun belgilanganidan oshiqcha pul olinganligi ma’lum qilingan. O‘rganish davomida ushbu turargoh tegishli tartibda shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga biriktirib berilganligi, avtoturargohda saqlanayotgan har bir avtomobil uchun soatiga 3000 so‘mdan to‘lov olinishi, olinadigan to‘lov summasi haqida fuqarolarga ko‘rinarli tarzda ma’lumot qo‘yilganligi, olingan to‘lov uchun kassa cheklari berilishi yo‘lga qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Avtoturargoh mas’ullaridan holat yuzasidan izox so‘ralganda, ular belgilangan summadan oshiqcha pul olmasliklarini bildirib, ba’zida fuqarolar uzoq muddatga avtomobillarini qoldirib ketishlarini, buning natijasida soatbay hisoblanganda to‘lov summasi oshishi mumkinligi, murojaat egasi shundan kelib chiqib noroziligini bildirgan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan tushuntirish berilgan.

O‘rganish doirasida hududiy boshqarma hamda shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan amaldagi qonunchilik talablari, unga ko‘ra iste’molchi huquqlari va ijrochi (xizmat ko‘rsatuvchi)ning huquq va majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berib o‘tilib, bu borada qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirish berildi.

Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati mutaxassisi.