Ijrochi o‘z majburiyatlarini to‘laqonli ado etmaganligi iste’molchida norozilik keltirib chiqargan

Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning R.Hamraev ko‘chasida istiqomat qiluvchi A.I.ning ijrochining buyurtma shartlariga zid ish tutayotganligi holati yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.

Iste’molchi yozma murojaatida, xonadoniga o‘rnatish uchun o‘ziga ma’qul kelgan rang va sifatdagi, narxi 700 000 so‘m bo‘lgan eshikka buyurtma berganligi, lekin o‘rnatish uchun keltirilgan eshikning rangi buyurtmadagidan farq qilgani hamda bir qator nuqsonlari mavjudligi sababli uni o‘rnatishga rozi bo‘lmaganligini, ijrochi tomonidan eshik tanlangan rangdagisiga almashtirilmayotgani yoki qaytarib olib ketilib puli qaytarilmayotganligini ma’lum qiladi. Shuningdek, bu masalada ijrochiga bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsada, qonuniy talabi bajarilmayotganligini bayon qilib, shahar jamiyatidan masalani hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi shartnoma tuzish yo‘li bilan tovarni (ish xizmat)ni erkin sotib olish huquqiga ega bo‘lib, bu shartnomaga ko‘ra sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish) majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar. Demak, yuqoridagi holatda ijrochining iste’molchi tomonidan tanlangan rangdagi hamda sifatdagi eshikni emas, balki boshqa rangdagi, kamiga muayyan nuqsonlari mavjud bo‘lgan eshikni o‘rnatib berishga bo‘lgan intilishi, maqbul sifatda bo‘lmagan tovarni mulk qilib topshirishga bo‘lgan harakat va o‘z majburiyatlarini to‘laqonli bajarmaslik hisoblanadi.

Murojaat o‘rganilishi jarayonida qonunchilikning mazkur talablari ijrochiga tushuntirilishi bilan iste’molchi xonadoniga keltirilgan eshikni boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirilishiga erishildi.

Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.

(illyustrativ foto)