Iste’molchining simli telefon aloqa xizmatlaridagi nosozlik yuzasidan qilgan murojaati ijobiy hal etildi

Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning Roshidoniy ko‘chasida istiqomat qiluvchi J.I.ning xonadonidagi telefon aloqasida yuzaga kelgan nosozlikni xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan bartaraf etish ishlari paysalga solinayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.

Murojaatida iste’molchi tuman Telekommunikasiya bog‘lamasi mas’ullariga bu borada bir necha bor murojaat qilganligi, lekin nosozlikni bartaraf qilish choralari ko‘rilmayotganligini bayon qilib, tuman jamiyatidan ushbu muammoni hal qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.

Tuman jamiyati tomonidan murojaat asosida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga aloqa xati kiritilgach, mazkur tashkilot mutaxassislari hamkorligida iste’molchi xonadoniga tashrif buyurildi. Xonadonda o‘tkazilgan o‘rganish ishlari davomida foydalanishda bo‘lgan Panasonic rusumli telefon apparatida nosozlik mavjudligi qayd qilindi hamda ushbu nosozlik joyida bartaraf etildi. Shuning barobarida xonadondagi aloqa simlari ham ko‘zdan kechirilib, profilaktika ishlari olib borildi.

Xusniddin Latipov,
tuman jamiyati mutaxassisi.