Hududiy birlashma tomonidan media tadbirlar rejasi asosida brifing tashkillandi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi media tadbirlar rejasi asosida davlat tashkilotlari, NNTlar vakillari, Federatsiya tizimida mehnat faoliyati olib boryotgan xodimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni hayotga keng joriy qilishda aholi vakillari qanday muammolar bilan duch kelmoqda?» mavzusida brifing o‘tkazdi.

Brifingda ta’kidlandiki, hududiy birlashma tizimidagi tashkilotlar tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy bilimi va iste’mol madaniyatini oshirish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, qonun ijrosini ta’minlash va bu borada samarali jamoatchilik nazorati olib borish maqsadida sohaga daxldor bo‘lgan davlat boshqaruvi va hokimiyati idoralari, xususan viloyat prokuraturasi, Raqobat boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Sanepidqo‘mitaning viloyat boshqarmasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligining viloyatdagi boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi va boshqa idoralar bilan yaqindan hamkorlik olib borilmoqda.

Ta’lim muassasalari bilan yaqindan ish olib borish maqsadida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan ijtimoiy sheriklik va hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Shuningdek, Federatsiyaning Oliy ta’lim vazirligi bilan hamkorlik bo‘yicha imzolagan memorandumi asosida Farg‘ona politexnika instituti, TATU Farg‘ona filiali, Latviyaning Ahborot tizimlari menejmenti oliy maktabi Farg‘ona filiali bilan memorandumlar imzolandi.

Olib borilayotgan ishlarning natijalarini esa fuqarolarning Federatsiya va uning hududiy organlariga qilayotgan murojatlaridagi son va sifat o‘zgarishlaridan sezish mumkin. Xususan, birgina joriy yilning o‘tgan 3 oyi davomida tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 267 ta murojaatlar kelib tushgan. Kelib tushgan murojaatlarning 226 tasi yoki 85 %i to‘liq va o‘z muddatlarida o‘rganib chiqilib, ijobiy hal qilingan. O‘rganishlarning qonuniy muddatlari nihoyasiga yetmagan yoki qo‘shimcha o‘rganishlarni talab qiluvchi 41 ta murojaatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Tizim tashkilotlariga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganib chiqilishi natijalariga ko‘ra jami 172 million 819 ming 385 so‘m mablag‘larni iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishilgan. Shularning 34 million 917 ming 497 so‘mi Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoni orqali qayd qilingan murojaatlarni, 2 million 800 ming so‘mi Hukumat idoralaridan kelgan murojaatlarni o‘rganib chiqilishi natijalariga ko‘ra hal qilingan bo‘lsa, 135 million 101 ming 888 so‘m mablag‘lar tizim tashkilotlariga to‘g‘ridan yozma va og‘zaki ravishda kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish natijalari bo‘yicha qayta hisob-kitob qilingan. Iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan mablag‘larning 170 million 019 ming 385 so‘mi tizim tashkilotlarining o‘z kuchlari bilan hal qilinishiga erishilgan.

Hisobot davrida kelib tushgan murojaatlarda eng ko‘p tilga olingan soha savdo sohasi bo‘lib, ushbu soha bo‘yicha murojaatlar jami murojaatlarning 32,6 % ida kuzatilgan. Shuningdek, keyingi o‘rinlarni gaz ta’minoti va kommunal xo‘jalik (har biri 13,1 % dan), elektr energiyasi ta’minoti (10,9 %), xizmat ko‘rsatish (servis) sohasi (8,2 %), suv ta’minoti (7,1 %) hamda boshqa sohalar band qilgan.

Savdo sohasi bo‘yicha murojaatlarning tarkibi ko‘rilganda ularda ko‘proq xarid qilingan maishiy texnikaning sifati, ulardagi nuqsonlar hamda ularni almashtirish yuzasidan qilingan murojaatlar ko‘proqni tashkil qildi. Ularning savdo sohasi yuzasidan kelib tushgan jami murojaatlar ichidagi salmog‘i 48 % dan ortiqroqni tashkil qilgan.

Yuqoridagilarni umumlashtirganda viloyat aholisi (iste’molchilar) joylarda savdo, umumiy ovqatlanish, kommunal, tibbiy, maishiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish ob’ektlarida amaldagi qonunchilik talablarining to‘laqonli ijrosi ta’minlanmayotganligi, xususan iste’molchilarning ma’lumot olish huquqi to‘laqonli ravishda ta’minlab berilmasligi oqibatida tovarlar sotib olingach, ish va xizmatlarga berilgan buyurtmalar bajarilgach oldindan to‘laqonli ma’lumot berilmagani oqibatidan turli kelishmovchiliklarga duch kelayotganliklari, shuning bilan birgalikda, qonunning sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) oldi-sotdi jarayonida tovarni ishlatib ko‘rsatishi, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishi lozimligi to‘g‘risidagi normalariga to‘liq amal qilmaslik natijasida ham keyinchalik tushunmovchiliklar kelib chiqayotganligi aytib o‘tildi.

Qonunda oldi-sotdi shartnomalarining ayrim turlari to‘g‘risidagi qoidalar, shuningdek, ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizasiya qilish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, aytaylik oldi-sotdi jarayonida sotuvchi tomonidan ushbu norma asosida qabul qilingan qoidalar bo‘yicha iste’molchilarga tushuntirishlar berilmasligi aholi tomonidan xarid qilinayotgan, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan toifadagi tovarlarni xarid qilib bo‘lgandan keyin almashtirishga yoki pulini qaytarib olishga intilib, bu borada turli idoralarga murojaat qilib borishlariga sabab bo‘layotganligi ta’kidlab o‘tildi.

Sotuvchilarda uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozimligi, agar bunday tovarlarga kafolat muddati belgilanmagan bo‘lsa iste’molchi 6 oy davomida kafolat muddati belgilangan tovar kabi o‘zining qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqara olishi mumkinligi haqida bilimlarni yetishmasligi ham keyinchalik iste’molchi va sotuvchi o‘rtasida turli kelishmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Aholi vakillari (iste’molchilar) ko‘proq holatlarda o‘zlariga sotilgan tovarda nuqson aniqlanganda ularni sotuvchi (yoki ishlab chiqaruvchi yoxud uning vakili)dan almashtirib olish, bepul ta’mirlatish jarayonlarida turli muammolarga duch kelmoqdalar. Bunga asosiy sabab qilib esa aholimiz vakillarining sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi)ga o‘z qonuniy e’tiroz va talablarini og‘zaki shaklda bildirishi, ko‘plab davlatlarda urf bo‘lgan kabi ushbu e’tiroznomalarni yozma ravishda berish malakasi shakllanmaganini ko‘rsatib o‘tish mumkinligi aytildi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi va uning hududiy ijro etuvchi tashkilotlari barchaning iste’molchi ekanligidan kelib chiqqan holda, barcha davlat va nodavlat tashkilotlarini hamda jamoatchilik vakillarini iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy bilimlari va iste’mol madaniyatini oshirish ishida hamkorlikka chaqirib qolindi.

G‘anijonova Dilrabo,
FarDU talabasi, amaliyotchi.