Birinchi chorak faoliyati yakunlari bo‘yicha viloyat sudlarining axborotlari tinglandi

Bugun Farg‘ona viloyat Ma’muriy sudi binosida viloyat sudlarining 2024 yil 1-chorak faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi. Unda sohaga daxldor idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillari qatorida Federatsiyaning Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tizimidagi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdilar.

Tadbirda ma’sullar tomonidan Farg‘ona viloyat Ma’muriy, Jinoiy, Fuqarolik hamda Iqtisodiy sudlari tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlar, xususan sohaga oid qonunlar ijrosini ta’minlash, sudlarda ishlarni ko‘rib chiqilishi natijalari, jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha axborotlar berib o‘tildi hamda tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

Tadbir doirasida aholining keng qatlamlari o‘rtasida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik targ‘ibotini olib borish, iste’molchilik ijtimoiy harakatini yanada rivojlantirish, iste’molchilarning huquqiy bilim saviyasi va iste’mol madaniyatini oshirish ishiga qo‘shayotgan munosib hissasi, shuningdek 26-aprel O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinganining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan viloyat sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha rais o‘rinbosari Xasanov Oybek Alievich hamda Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Mutaliev Qobiljon Kabirovichlarga hududiy birlashmaning Tashakkurnomalari topshirildi.