Tikuv mashinasidagi nosozliklar bepul bartaraf etib berildi
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Mingtut» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi S.H.ning bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilingan tikuv mashinasidan foydalanish jarayonida nuqsonlar aniqlangani va sotuvchi tomonidan ularni bepul bartaraf etib berish choralari ko‘rilmayotganligi to‘g‘risida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 yagona ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaatda iste’molchi tomonidan da’vo qilinishicha, u shahardagi «To‘yona» kredit savdo do‘konidan shartnoma narxi 6 320 000 so‘m bo‘lgan JACK rusumidagi tikuv mashinasini narxini bir yil davomida bo‘lib shartlarida joriy yilning mart oyi oxirlarida xarid qilgan. Biroq undan foydalanishi jarayonida nuqsonlar yuzaga chiqqan. Bu borada sotuvchiga qilgan murojaatlaridan natija chiqara olmagach, Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilib, bu borada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Amaldagi qonunchilik bo‘yicha iste’molchi xarid qilingan tovarga nisbatan e’tirozlari bilan sotuvchiga murojaat qiladi, sotuvchi esa o‘z navbatida ushbu e’tirozlarning sabablarini o‘rganib chiqib, tegishli chora-tadbirlarni ko‘radi. Ushbu jarayonda iste’molchi tomonidan qo‘yilgan qonuniy talablar asossiz ravishda qanoatlantirilmagan yoki tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmagan taqdirda, iste’molchida o‘z qonuniy talablarining ijrosini ta’minlanishi lozim bo‘lgan sanadan o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar bahosining 1 foizi miqdorida neustoyka (penya) undirib olish huquqi vujudga keladi.
Murojaat o‘rganilishi davomida sotuvchiga so‘rov xati kiritilib, qonunchilikning yuqoridagi talablari tushuntirilgach, sotuvchi tomonidan iste’molchiga servis xizmatlari ko‘rsatilishi va tikuv mashinasidagi nuqsonlar bepul bartaraf etib berilishi ishlari amalga oshirilib, iste’molchini qiynab kelgan muammoni bartaraf etilishiga erishildi.
Muhammadjon O‘lmasov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий