«Ko‘rsatilmagan» xizmatlar yuzasidan e’tirozlar
Aholini suyultirilgan ugledorov gazi bilan ta’minlash ishlari Hukumatning tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan tartib-qoidalar asosida amalga oshirilib, ushbu jarayonda, albatta, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga amal qilinishi talab etiladi. Shu sababli ham iste’molchilardan Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga bu boradagi turli masalalar yuzasidan murojaatlar bo‘lib turadi.
Quva tuman «Gulobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi V.S. Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilib, xonadonida nevarasi so‘nggi marta maishiy gaz balloni olgan vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish uchun deb undan qo‘shimcha 35 000 so‘m pul olishganligini, lekin hech qanday xizmat ko‘rsatilmaganligini ma’lum qilib, ushbu masalaga oydinlik kiritib berilishini so‘ragan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ijrochi ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. Ushbu masala tuman gaz idorasi mas’ullari bilan o‘rganilishi jarayonida iste’molchining shikoyatida keltirilgan vajlar o‘rinli ekanligi ma’lum bo‘lib, o‘rganish yakunlari bilan ko‘rsatilmagan xizmat uchun olingan pul mablag‘i iste’molchiga to‘liq qaytarildi.
Yana bir holat. Qo‘qon shahar «Arziktepa» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi K.X.ning avtomobillarga suyultirilgan gaz yoqilg‘isini quyish shoxobchasida uning maishiy gaz balloniga gaz to‘ldirib bermaganliklari, ya’ni xizmat ko‘rsatilmagani holati yuzasidan Federatsiya ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi. Avvalo shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 189-bandiga ko‘ra, sotuvchi (xizmat ko‘rsatuvchi) tomonidan iste’molchiga asossiz ravishda xizmatlar ko‘rsatmaslik savdo qoidalarining buzilishi deb e’tirof etilib, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Jinoiy kodeksiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Lekin o‘rganishda «Avg`onbog» MChJ yoqilg‘i quyish shoxobchasi mas’ullari tomonidan ular lisenziyasi bo‘yicha avtomobillarga yoqilg‘i quyish faoliyatini amalga oshirishlari, aholi qo‘lidagi maishiy gaz ballonlariga xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun shoxobchada tegishli ruxsatnoma yoki lisenziya mavjud emasligi ma’lum qilinib, iste’molchiga bu yo‘nalishda «xizmat ko‘rsatilmagan»ligining qonuniy sabablari ko‘rsatib o‘tilgan. O‘rganish doirasida ushbu holat inobatga olinib, bu haqda iste’molchiga tushuntirishlar berilgan va javob xati yuborilgan.
Axmadjon Tuxtaboev,
Muhammadjon O‘lmasov,
Quva tuman va Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari.
Отправить комментарий