Muddatida yetkazib berilmagan mebel bilan bog‘liq muammo sud vositasida hal etildi
Iste’molchilik ijtimoiy harakatini o‘zlarining kundalik turmush faoliyatlari davomidagi ahamiyati va foydasini to‘g‘ri anglab yetgan minglab fuqarolarimiz Federatsiya a’zoligiga kirgan holda, uning tomonidan o‘z a’zolariga ko‘rsatiladigan turli xizmatlardan foydalanib kelmoqdalar. Shunday xizmatlardan biri Federatsiya a’zolarining iste’molchilik sohasiga oid huquq va manfaatlarini sudlarda himoya qilish bo‘lib, Marg‘ilon shahar Bolalar shifoxonasida tashkillangan boshlang‘ich tashkilot (tayanch guruhi) faollari Federatsiya a’zolaridan ortiqcha harakat va sarf-harajatlarni talab qilmaydigan ushbu qulaylikni yaxshi anglab olganlar.
Xullas, mazkur tashkilotdagi Federatsiya tayanch guruhi a’zolaridan biri o‘zini mebel yetkazib beruvchi deb tanishtirgan M.U. bilan og‘zaki kelishuv asosida 13 000 000 so‘mga mebel sotib olishga buyurtma berib, umumiy summadan 700 AQSh dollariga teng qismini oldindan avans tariqasida bergan. Lekin pulni olgan M.U. mebelni shartlashilgan muddatda yetkazib bermasdan paysalga solib kelishi yetmaganday, oxirgi paytlarda iste’molchining qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermay qo‘ygan.
Ushbu masalada tayanch guruhidan kelib tushgan ma’lumot va iste’molchi arizasi asosida shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida masala hal bo‘lavermagach, iste’molchi manfaatlarini ko‘zlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Ishni ko‘rilishi natijalariga ko‘ra sud, javobgar M.U. dan da’vogar foydasiga 8 605 500 so‘m asosiy qarz va 41 200 so‘m pochta xarajatlari, jami 8 646 700 so‘m undirilishi, 412 000 davlat harajatlarlari ham javobgar hisobidan qoplanishi yuzasidan hal qiluv qarori chiqardi.
Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий