Iste’molchilar shaxsiy kabinetlari orqali iste’mol ko‘rsatkichlarini nazorat qilib borishni o‘rganishlari zarur

Iste’molchilar shaxsiy kabinetlari orqali iste’mol ko‘rsatkichlarini nazorat qilib borishni o‘rganishlari zarur

Bugungi kunda kommunal idoralarning rasmiy saytlarida iste’molchilarning shaxsiy kabinetlari tashkillangan, ularga ushbu kabinetlar vositasida o‘zlarining joriy hisoblarini boshqarish hamda iste’mol ko‘rsatkichlarini nazorat qilib borish imkoniyatlari yaratilgan bo‘lsada, ko‘pchilik iste’molchilarimiz buni e’tibordan chetda qoldirmoqdalar yoki ushbu qulaylikdan xabarlari yo‘q yoxud axborot texnologiyalarini yaxshi bilmasligi vaji bilan undan foydalana olmayotgan bo‘lishlari ham mumkin.

Oqibatda to‘g‘ri va to‘laqonli axborotga ega bo‘lmagan iste’molchilarda «to‘lovlarni to‘lab borayotgan bo‘lsamda, qarzsan deyishyapti», «to‘lagan to‘lovlarim shaxsiy hisob raqamimga tushmagan ekan», «shuncha to‘lagan to‘lovlarim boshqa hisob raqamiga tushib kelayotgan bo‘lgan», «o‘zini nazoratchi deb tanishtirgan shaxsga bergan pulimni bazaga kiritmagan ekan» qabilidagi va boshqa shu kabi noroziliklar ko‘rsatilgan murojaatlar kelib chiqmoqda.

O‘zbekiston tumanida ham shunday holatlardan biri kuzatildi. Iste’molchi N.P. o‘z murojaatida uning xonadonidagi 506 metr kub ko‘rsatkichni ko‘rsatib turgan va uning ko‘rsatkichlari asosida to‘lovlar amalga oshirib borilgan hisoblagich ma’lumotlari suv ta’minoti idorasi bazasida 25 metr kub holicha turganligi, iste’mol ko‘rsatkichlari kiritib borilmagani, oqibatda bugungi kunga kelib undan 1 771 000 so‘m qarzdorlikni to‘lab qo‘yish da’vo qilinayotganligini bayon qiladi.

O‘rganishda xonadonga tashrif buyurgan mutaxassislar, iste’molchi o‘rganish kunida 507 metr kub ko‘rsatkichni ko‘rsatib turgan hisoblagichning 760 metr kub ko‘rsatkichiga qadar to‘lovni amalga oshirib qo‘yganligini yoki 253 metr kubga oldindan to‘lovdaligi qayd qilindi. Biroq iste’molchi shaxsiy kabinetdek qulaylikdan foydalanmagani oqibatida, xonadoniga ichimlik suv tarmog‘i 2021 yilda kiritilib, shu paytda suv hisoblagich ham o‘rnatilgan bo‘lsada, xonadon 2021-2024 yillar mobaynida ko‘cha kolonkadan suv tashib ichuvchi tarifda qolib kelganligini, hisoblagich 2024 yilning avgust oyidan bazaga kiritilganligidan ham o‘z-o‘zidan bexabar bo‘lgan.

O‘rganish davomida suv ta’minoti korxonasidan olingan javob xatida iste’molchi zaruriy hujjatlarni taqdim etmasdan to‘lovlarni elektron shaklda to‘lab boraverganligi, har oyda billing bazaga ma’lumot taqdim etib bormaganligi holatlari, oqibatda bugungi kun holatiga 755 600 asosli qarzdorligi mavjudligi ham ma’lum qilingandan so‘ng, tuman jamiyati tomonidan ushbu chalkash holatga oydinlik kiritish, iste’molchi huquqlarining kafolatli ta’minlanishiga erishish maqsadida murjaatni o‘rganish davomida to‘plangan hujjatlarni tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishini so‘rab Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish viloyat hududiy boshqarmasiga kiritildi.

Dilshodjon Rassayev,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий