Ish bajarish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchilik ijrochi tomonidan bepul bartaraf qilinadigan bo‘ldi

Ish bajarish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchilik ijrochi tomonidan bepul bartaraf qilinadigan bo‘ldi

Agar ijrochi ish yoki xizmatni sifatsiz bajarsa yoki jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ysa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra kamchiliklarni bepul bartaraf qilinishini, narx kamaytirilishini, ishni qayta bajarilishini yoxud shartnoma bekor qilinib, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Iste’molchining bu boradagi talablari qonunda belgilangan muddatlarda bajarilmasligi esa ijrochi zimmasiga neustoyka (penya) kabi moliyaviy majburiyatni ham yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yozyovon tumanilik I.A.ning tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatini o‘rganilishi jarayonida aynan ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilganligi holatiga duch kelindi. Xususan, iste’molchi I.A. eshik-rom ustaxonasi egasi bo‘lgan Z.U.ga ustaxonada yasalib, so‘ngra yashash xonadoniga o‘rnatib berilishi uchun 2 ta eshik va 3 ta romga buyurtma beradi. U jami qiymati 3 950 000 buyurtmaning pulini ham to‘liq oldindan to‘lab bergan.

Lekin 3 kun ichida ustaxonada tayyorlanib, xonadonga keltirilgan eshik-romlar iste’molchi tomonidan tanlangan material va fasonda tayyorlanmaganligini ko‘rgan iste’molchi buyurtmadan voz kechib, ish qaytadan bajarilishini, aks holda puli qaytarilishini talab qiladi. Lekin ushbu nizoli masalada tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar yo‘li bilan hal bo‘lmagan.

Murojaat o‘rganilishi jarayonida tuman jamiyati mutaxassislari ijrochi (usta)ga qonunchilik talablari va unga amal qilmaslikning salbiy oqibatlari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordilar. Yuzaga kelgan holatda o‘zining nohaqligini to‘g‘ri tushunib yetgan usta 2 ish kuni ichida kamchilikni bartaraf etilishi va buyurtma to‘laqonli bajarilishini o‘z zimmasiga olib, iste’molchi muammosini bartaraf qildi.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий