Iste’molchi huquqi – ishonch va adolat kafolati

Iste’molchi huquqi – ishonch va adolat kafolati

“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, har bir iste’molchi tovar (ish, xizmat)lar to‘g‘risida to‘liq, ishonchli va o‘z vaqtida axborot olish huquqiga ega. Bu norma iste’molchining to‘g‘ri tanlov qilishi, aldov va noto‘g‘ri ma’lumotlardan himoya qilinishida muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunga muvofiq, sotuvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi iste’molchini chalg‘ituvchi yoki haqiqatga zid ma’lumot berish huquqiga ega emas. Aks holda, bu iste’molchi huquqlarining buzilishi hisoblanadi va tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Amaliy misol sifatida Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida yashovchi iste’molchi U.U.ning murojaatini o‘rganish natijalarini keltirib o‘taylik. Ushbu murojaatga ko‘ra, iste’molchi Namangan shahrida joylashgan do‘kondan 2 200 000 so‘mga avtomobil shinasi xarid qilgan. Biroq sotuvchi tomonidan tovarning ishlab chiqarilgan yili haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilgan – 2011 yilda ishlab chiqarilgan shina 2023 yil mahsuloti sifatida taqdim etilgan. Keyinchalik iste’molchi e’tirozi asosida tovarni boshqasiga almashtirish jarayonida yana shunga o‘xshash holat takrorlanib, bu gal 2026 yilda ishlab chiqarilgan deb taqdim qilingan shina aslida 2016 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib chiqqan.

Mazkur holat qonun talablariga zid bo‘lib, iste’molchining to‘liq va ishonchli axborot olish huquqi buzilganini ko‘rsatadi. Murojaat Federatsiyaning Quvasoy hamda Namangan shahar jamiyatlari hamkorligida o‘rganildi. O‘rganish jarayonida qonunning tegishli moddalari talablari, xususan iste’molchiga noto‘g‘ri ma’lumot berish yo‘li bilan tovarlar realizasiya qilish, oldi-sotdi jarayonida iste’molchini chalg‘ituvchi ma’ulmotlarni taqdim qilish kabi holatlar qonunbuzilishi hisoblanishi va tegishli huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi sotuvchiga tushuntirildi.

Natijada, sotuvchi o‘z xatosini tan oldi va iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplandi, ya’ni 2 200 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berildi. Shuningdek, sotuvchiga qonun talablariga qat’iy rioya qilish, kelgusida bunday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirish berildi.

Bu kabi holatlar bozor munosabatlarida halollik va shaffoflikning naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Iste’molchi o‘z huquqlarini yaxshi bilsa va ularni talab qila olsa, noqonuniy holatlarning oldi olinadi, tadbirkorlik muhiti esa yanada sog‘lomlashadi.
Har bir iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va ular buzilganda tegishli tartibda himoya qilishi zarur. Agar siz ham iste’mol sohasiga oid muammolarga duch kelsangiz, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi va uning hududiy tashkilotlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Shahnoza Valiyeva,
Quvasoy shahar jamiyati raisi.

Отправить комментарий